Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Iyun/2021   Madaniyat

O‘zbekistonda Madaniy meros agentligi tashkil etildi


TOSHKENT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu qaror bilan O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilg‘or tajribalarini samarali qo‘llash maqsadida Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi  hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etildi.

Moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, moddiy- madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish kabi qator vazifalar Agentlikning asosiy vazifalari etib  belgilandi.

Bundan tashqari Agentlik muzeylar, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar,       arxeologiya, mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklarni saqlash va olib kelish sohalarida faoliyat ko‘rsatadi.

Hujjatga ko‘ra, mazkur tashkilot mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq maʼlumotlar bazasini yaratish, muntazam yangilab borish hamda asl yoki ko‘chirma nusxalari, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish bilan shug‘ullanadi. Ilmiy o‘rganish asosida olingan ilmiy maʼlumotlar va ularning tahliliy natijalariga oid bibliografik to‘plamlar, kataloglar, kitob-albomlar, axborot byulletenlari va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish etadi. Ularni  ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida keng yoritadi. Xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan Agentlikka moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi maqomi berildi.

Agentlik o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

U, shuningdek, sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yoki qonun buzilishlarini bartaraf qilish haqida tegishlicha yozma ravishda ogohlantirishlar va ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish vakolatiga ega. Qonun buzilishi holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish huquqiga ega.

Hujjatga ko‘ra, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishiladi.

Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi. Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) bo‘yicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi.

Qarorda moddiy-madaniy meros obyektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat bo‘yicha xabardor bo‘lgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida Agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka maʼlum qilinishi tasdiqlandi.

Asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun har bir obyektning o‘ziga xosligi va holatidan kelib chiqib, ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tuziladi.

Asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalariga asosan Agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘lishi shart, ushbu qoidaga rioya qilmagan holda berilgan ruxsatnoma haqiqiy hisoblanmaydi.

Ilmiy-ekspert kengashi va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari aʼzolariga davlat sud ekspertlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi. Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi Agentlik uchun majburiy hisoblanadi.

Hujjatda, shuningdek, Agentlik shtat jadvali va uni moliyalashtirish tartibi bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Mavzuga oid

Niderlandiyada Alisher Navoiy tavalludin...

Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alishe...

Toshkentda «La Gioia» triosining konsert...

Joriy yil 5 mart kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Slovakiyaning «La Gioia» trio...

Onlayn “Lazgi” raqslari orqali Xorazmnin...

Xorazm lazgisi o‘tgan yili YuNESKOning insoniyat nomoddiy-madaniy merosi ro‘yxatiga kiriti...

So`nggi yangiliklar