Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Avgust/2021   Fakt

O‘zbekistonda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etiladi


TOSHKENT, 24 avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur qarorda mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida xalqaro talablar va standartlarga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlarining oliy maʼlumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, sohaga oid muammolarni ilmiy va amaliy jihatdan tadbiq etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi  hamda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini  tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullangani qayd etilgan.

Ushbu hujjatga muvofiq, quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yunalishlari etib belgilangan:

-zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini qo‘llagan holda, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida talab yuqori bo‘lgan kasblar, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash;

-taʼlimning tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish, talabalar va yosh mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, taʼlim tizimiga yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari tajribasini joriy qilish;

-mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini hamda o‘qitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

-istiqbolli bitiruvchilarni xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga tegishlicha bakalavriat, magistratura hamda doktoranturada o‘qishga yuborish orqali Akademiyaning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublarini takomillashtirish;

-xalqaro va milliy mehnat standartlari, mehnat huquqi, inson huquqlari, mehnat tibbiyoti, ijtimoiy himoya va mehnat muhofazasi yo‘nalishlari bo‘yicha oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

-taʼlim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish sohasi bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

ijtimoiy-mehnat munosabatlari mutaxassislari, kasaba uyushmalari tizimi hamda tibbiy profilaktika muassasalari xodimlarini zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlash, malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda tajriba orttirishini tashkil etish;

-respublika va xorijdagi yetakchi taʼlim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning yetakchi mutaxassislarini taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb qilish, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalkaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;

-professional taʼlim, bakalavriat, magistratura va oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish;

-Akademiyaning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni tashkil etish.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu qarorida Akademiya qonunchilik hujjatlarida belgilab qo‘yilgan barcha taʼlim bosqichlarida faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat taʼlim tashkiloti hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Akademiyada taʼlim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi.

O‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Mazkur qarorda Akademiyada o‘qitish mamlakatimiz Davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshirilishi, shuningdek, bitiruvchilarga oliy taʼlim yoki professional taʼlim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan O‘zbekiston Respublikasining belgilangan namunadagi diplomi berilishi ham belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda Mehnat va ijtimoiy munosab...

O‘zbekiston Prezidentining “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish to...

So`nggi yangiliklar