28/Mart/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
QOHIRA, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Muvatin” axborot agentligining veb-saytida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farrux Qoraboyevning «Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi» sarlavhali tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar davom etyapti. «Bu jarayonda maʼmuriy islohotlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etishga alohida eʼtibor berilmoqda», deb yozadi Farrux Qoraboyev.
Maqolada davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi «Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘lgani qayd etilgan. Farmonga muvofiq, islohotlarning birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirish to‘g‘risidagi taklif qabul qilindi.
«Belgilangan tamoyilga ko‘ra,qo‘mita shaklidagi davlat organlari ikki toifaga, yaʼnitegishli soha ichidagi tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy ishlarni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, vazirlikning tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, alohida maqomga ega hamda bevosita O‘zbekiston Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga ajratildi», deyiladi materialda.
Muallif ko‘ra, Qo‘mitaning 2022 yildagi faoliyati davomida 19 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Shundan 3 ta qonun, Prezidentning4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 9 ta qarori loyihalari va Qo‘mitaning 3 ta idoraviy hujjatdir.
«Xususan, Qo‘mita tomonidan xalqaro ekspertlar ko‘magida tayyorlangan yangi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi», deb yozadi muallif.