Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Iyul/2020   Jamiyat

O‘zbekistonda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi

TOSHKENT, 1 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (Agentlik) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.

Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

Shuningdek, Agentlik yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini olib boradi.

Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar Agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi.

Shuningdek, farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.

Agentlik hududlar kesimida ishsiz yoshlar ro‘yxatini shakllantiradi hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Shuningdek, yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasi shakllantiradi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni doirasidagi:

– hamda boshqa qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan tadbirlarni “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish, ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berish tartibi bekor qilinadi;

-loyihalarni kreditlash bozor tamoyillari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan yosh tadbirkorlar biznes loyihalari uchun ajratilgan summasi 2 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Jamg‘arma 2021 yil 1 yanvardan mustaqil nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, yoshlar orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishni nazarda tutuvchi tashabbuskor, islohotlarni amalga oshirish va joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etuvchi, rahbarlik lavozimlariga munosib yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Vatan iftixorlari” institutsional tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid

Faben Demol: Biz O‘zbekistonda qayta tik...

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish - O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishl...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va...

«Ozodlik.org» internet saytida «Mahbuslarni qamoqda qiynagani ortidan qamalgan «Palach»nin...

Nukusda UzWaterAware loyihasi doirasida ...

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning O‘zbekistondagi filiali Yevropa Itt...

So`nggi yangiliklar