Uz / Ўз Ru En

Toshkent

13/Iyul/2020   Iqtisodiyot

O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit yanada jozibali bo‘lib bormoqda — xitoylik investorlar


PEKIN, 13 iyul. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish orqali aholi farovonligini oshirish va ular bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, xorijiy investorlarning mamlakatimizda faoliyat yuritishlari uchun zarar yordam ko‘rsatilib, huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda. Xususan so‘nggi uch yilda xorijiy sarmoyadorlar huquqini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar ular manfaatlarini to‘la himoya qilishni ta’minlash barobarida, yurtimizda investitsiya muhitining yanada yaxshilanishiga xizmat qilayotir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va O‘zbekiston hukumatining ushbu sohadagi sa’y-harakatlarini bugun xalqaro jamoatchilik, xususan ishbilarmon doira vakillari e’tirof etmoqda.

Jumladan, xitoylik sarmoyadorlar «Dunyo» AA muxbiri Shuhrat Umirov bilan suhbatda O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlarga qaratilayotgan e’tibor va investorlar huquqlarini himoya qilishga aloqador huquqiy bazaning mustahkamlanishini yuqori baholashdi.

Chjifu VAN, «Yushen Plastic» kompaniyasi raisi:

– 2014 yili faoliyatini boshlagan "Yushen Plastic" korxonamiz polietilen quvurlar va tomchilatib sug‘orish tizimlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi peshqadam korxonalardan biri hisoblanadi. Kompaniyamiz mahsulotlari xalqaro andozalar talabiga to‘liq javob beradi.

Biz faqatgina plastmassa mahsulotlar ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmasdan, tomchilatib sug‘orish tizimlari loyihalarini joriy etishning barcha bosqichlarini tashkil qilib, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun tarkibiy qismlar ishlab chiqarish va ularni sotish bilan ham shug‘ullanamiz.

Tomchilatib sug‘orishning samarador ekani dunyoda isbоtlangan. Ishonchim komilki, ayni yo‘nalish O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ham istiqbolli yo‘nalishidir.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar muvaffaqiyatli faoliyat olib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Muxtasar qilib aytganda, mamlakatingizda qulay va jozibali sarmoyaviy muhit mavjud.

O‘zbekistonning xomashyo va intellektual resurslarga boyligi, rivojlangan sanoat bazasi va ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega ekani, jo‘g‘rofiy jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasida qulay joylashgani hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida muhim yo‘llarning mamlakatingiz orqali o‘tgani bizda katta qiziqish uyg‘otadi. Bularning barchasi O‘zbekistonga o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan istiqbolli bozor sifatida qarash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yana bir jihat, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga qarshi kurash va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida e’tiborga molik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bizni quvontiradigan yana bir jihat shundaki, O‘zbekiston hukumati sarmoyaviy loyihamizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shunday ekan bundan keyin ham O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga o‘z hissamizni qo‘shish uchun intilishda davom etamiz.

Fursatdan foydalanib, xorijiy sarmoyador sifatida O‘zbekistonda olib borayotgan faoliyatimizdan qoniqish hosil qilganimizni alohida ta’kidlashni istar edim. O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit yanada jozibali bo‘lib borayotgani juda quvonarli.

Junkan ChJOU, «LD Corporation» korporatsiyasi (XXR) bosh direktori o‘rinbosari:

— Korporatsiyamiz 2018 yili O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan. “LD Corporation” qariyb 20 yildan buyon yangi energetika loyihalarini ishlab chiqish va ularni moliyalashtirish bilan shug‘ullanib keladi. Bosh qarorgohi Xitoyning Lyaonin provinsiyasida joylashgan “LD Corporation” biznes falsafasini qo‘llab-quvvatlaydigan jamoadir.

XXR yetakchisi Si Szinpinning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga javoban, kompaniyamiz 2017 yili Markaziy Osiyo bozoriga kira boshlagan edi. Bizning qishloq xo‘jaligi bilan bog‘langan sarmoyaviy biznesimiz Xitoy texnologiyalariga, ishlab chiqarish va kapital qo‘yilmalar afzalligi hamda mahalliy talablarga har tomonlama javob beradigan sarmoyaviy loyihalar yaratish uchun intilishga tayanadi.

2017 yildan e’tiboran O‘zbekistonda yangicha ruhdagi islohotlar o‘tkazilishi, tashqi dunyoga ochiqligini e’lon qilgani barobarida valyuta nazoratini bartaraf etish, soliqlarni kamaytirish, sarmoya yotqizish qoidalari va bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish hamda erkin iqtisodiy zonalar ochilishini isloh etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar qabul qildi. Bular ishbilarmonlik muhitining sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgarishi uchun qulay zamin yaratdi.

2018 yil so‘ngida O‘zbekiston bilan shamol energetikasi va qishloq xo‘jaligi loyihalari bo‘yicha dastlabki bitimni imzolagan edik. Shamol energetikasi sohasidagi investitsiyaning umumiy hajmi 720 million, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha esa 350 million AQSh dollarini tashkil etadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini rag‘batlantirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Bu hammamizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berdi.

Xitoy ham tashqi dunyoga ochiqlik borasida o‘zining preferensiyalar siyosatini doimiy ravishda takomillashtirib, kengaytirmoqda. Aminmanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatingizning sarmoyaviy muhiti xorijlik investorlar uchun yanada jozibali bo‘lib boraveradi.

Biz kelajakda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida yangi energetika jabhasiga sarmoya kiritishni saqlagan holda o‘z faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. O‘zbekiston yangi energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida taraqqiyotning katta istiqbollariga ega, bu borada mamlakatingiz Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lib qoldi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekistonda ishlayotganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston vazirlik va idoralari bizlarni barcha darajalarda astoydil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatingizda xorijlik sarmoyadorlar uchun huquqiy himoya, imtiyoz hamda qulayliklar siyosati mavjud. Korporatsiyamiz O‘zbekistonda shamol energetikasi va eko-agrosanoat parki bo‘yicha loyihalarni faollik bilan hayotga tatbiq etib, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini birgalikda ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashadi.

Pandemiya sharoitda O‘zbekiston Prezidenti ushbu yuqumli kasallikning salbiy ta’sirlarini yumshatish bo‘yicha, jumladan, respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning barqarorligini ta’minlash, soliq, bank menejmenti, sug‘urta, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish, chorvachilik, hunarmandchilik, aholini ijtimoiy himoya qilish va boshqa muhim sohalarni qamrab olgan farmon va qarorlar qabul qilgani e’tiborga molikdir.

Epidemiya muayyan qiyinchilik va muammolarga ro‘para qilgan bo‘lishiga qaramasdan, «LD Corporation» dastlabki rejaga muvofiq ravishda o‘z ishlarini davom ettirmoqda va kelajakka ishonch bilan qarashni eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid

«Folksvagen» yengil tijorat avtomobillar...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasida «Folksvagen» yengil tijor...

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 6,6 mil...

Hozirgi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 70 ta loyihadan 43 tasi amaliyotga tatbiq e...

Germaniyaning tajribali to‘qimachilik ko...

Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi ko‘magida juma kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyush...

So`nggi yangiliklar