15/Oktabr/2021 Saylov - 2021
RIGA, 15-oktabr. /«Dunyo» AA/. Latviyaning «Press.lv» yangiliklar portalida O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrda 12 oktabr kuni mamlakatimizning Rigadagi elchixonasida tomonidan Prezident saylovi kampaniyasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing tafsilotlari yoritilgan. «Brifing chog‘ida elchi Qadamboy Sultonov xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylov huquqlarini to‘liq ta’minlash uchun diplomatik, konsullik va boshqa missiyalar huzurida 54 saylov uchastkasi tuzilganini ma’lum qildi», - deb qayd etadi Latviya yangiliklar partali.
Latviyadagi elchixonada ham saylov uchastkasi tuzilgani xabar qilindi, deyiladi maqolada. «Rigadagi elchixona barcha Boltiqbo‘yi mamlakatlari, shuningdek, Finlyandiya bilan aloqalarni rivojlantirish uchun mas’ul ekanini inobatga olib, barcha to‘rt mamlakatda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini tashkil qiladi», - deya ta’kidlaydi onlayn-nashr.
Latviya yangiliklar portalida e’lon qilingan ushbu materialda, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti saylovi ochiq-oshkoralik, raqobat va demokratik tamoyillar asosida o‘tishiga katta e’tibor qaratilayotgani ma’lum qilingan. «Elchi Qadamboy Sultonovning brifing davomida aytishicha, YEXHT DIIHB to‘la miqyosli kuzatuvchilar missiyasi ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, YEXHT DIIHBning 300 dan ziyod kuzatuvchisi saylovni kuzatishda qatnashadi. Shuningdek, BMT, SHHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa qator nufuzli xalqaro tuzilmalar o‘z vakillarini O‘zbekistonga yubormoqda. Mustaqil kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bo‘lajak saylovga katta qiziqish bildirmoqda», - deb yozadi «Press.lv».