Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Mart/2021   Vatandoshlarimiz

O‘zbekistonlik tadqiqotchining Moturidiylik taʼlimotiga oid asarga bag‘ishlangan risolasi Turkiyada chop etildi


ANQARA, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Turkiyada tadqiqot olib borayotgan vatandoshimiz — O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Anqara universiti bitiruvchisi, falsafa doktori A.Tuychiboyevning Ali ibn Saʼid ar-Rustufag‘niyga mansub «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag‘niy» asarining ilmiy-tanqidiy nashri Istanbuldagi «Haşimî Yayınları» nashriyoti tomonidan chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur asar ulug‘ ajdodimiz Imom Moturidiyning eng yaqin shogirdlaridan hisoblangan Ali ibn Saʼid ar-Rustufag‘niyga mansub bo‘lib, bugungi kungacha Ahmad ibn Muso al-Keshshiyning «Majmuʼ al-havodis va an-navozil va al-voqeʼot» nomli asari tarkibida yetib kelgan. Maʼlumotlarga qaraganda, ar-Rustufag‘niy Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi Boyli ota mahallasida tug‘ilib, voyaga yetgan. Voyaga yetgach, ar-Rustufag‘niy Samarqand shag‘rida o‘z davrining eng zabardast ulamolari – Abu Ahmad al-Iyodiy, Abu Mansur al-Moturidiy va al-Hakim as-Samarqandiydan ilm olgan. Olimning Balx shahriga borib, hanafiy fiqhining yorqin namoyandasi, kichik Abu Hanifa deya eʼtirof etilgan Abu Jaʼfar al-Hinduvoniydan ham istifoda etgani naql qilinadi.

O‘rta asrlarga oid tabaqot, yaʼni biografiya asarlarida ar-Rustufag‘niy fiqh bobida «Samarqandning shayxi» bo‘lgani keltirilgan. U shu darajada eʼtibor qozondiki, hatto Buxoroga borib, ilm majlislari o‘tkazar, xalq vakillariga vaʼz-nasihatlar qilardi. Ar-Rustufag‘niy mahalliy eʼtiqod va mazhablarga xos bo‘lmagan yondashuvlarni tanqid ostiga olish, ustozi Imom al- Moturidiyning sof islom aqidasiga oid qarashlarini muhofaza etishga katta hissa qo‘shdi. Olimning turli yot firqalar bilan bo‘lgan munozaralari «Muxtasar Favoyid ar-Rustufag‘niy» asarida ham ko‘zga tashlanadi.

Umuman olganda, mazkur asar fiqh, kalom, tafsir, hadis, tasavvuf, axloq va hikmat kabi keng qamrovli mazularga oid bo‘lib, X asrda mamlakatimiz hududidagi eng yorqin ilm va maʼrifat markazlaridan biri bo‘lgan Samarqanddagi maʼnaviy-maʼrifiy muhitni baholash, Moturidiylik taʼlimotining ilk taraqqiyot bosqichini o‘rganish nuqtai nazaridan o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda xalqimizning azaliy qadriyatlarini, shu jumladan, boy milliy va diniy merosimizni asrab-avaylashga, targ‘ib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan o‘tgan yil 11 avgust kuni tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu yo‘nalishdagi yangi qadamlardan biri bo‘ldi.  Bu borada elchixona ko‘magida Turkiyada ham Imom Moturidiy asarlarini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid

Samarqandda xorijdagi vatandoshlar bilan...

Joriy yil 22 dekabr kuni Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tashabbus...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi “Ol...

O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi tomonidan “Oltin daftar”ga kiritilgan, m...

Janubiy Koreyada bo‘lib turgan o‘zbekist...

Fuqarolarning sayyor qabuli Janubiy Koreyaning Tegu shahridagi "Samarqand" restoranida bo...

So`nggi yangiliklar