01/Dekabr/2022 Madaniyat
MOSKVA, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamda V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Firdavs Avezov Rossiyaning Birinchi telekanalida namoyish etiladigan “Golos.Deti” vokal teleshousida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uch oy davomida suratga olingan “Golos.Deti” vokal teleshousi joriy yil 3-4 dekabr kunlari Rossiya televideniyesining Birinchi kanalida namoyish etilishi rejalashtirilgan. Mazkur madaniy dastur YouTube sahifasiga ham yuklanadi. 30 noyabr kuni Firdavs Avezov ishtirokida navbatdagi tanlov o‘tkaziladi va natijalari eʼlon qilinadi.
«Golos. Deti» – bu vokal shou bo‘lib, unda loyihaning kattalar uchun mo‘ljallangan turidan farqli o‘laroq, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etadi.
Firdavs Avezov 2009 yil 17 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Estrada xonandaligi va violonchel sohasidagi bilimi, noyob isteʼdodi va ajoyib ijrochilik mahorati tufayli ko‘plab xalqaro va respublika tanlov va festivallarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, Fransiya, Rossiya, Turkiya va MDH mamlakatlarida o‘tkazilgan qator respublika va xalqaro musobaqalarning g‘olibi.
Xususan, 2018 yilda Parijdagi «Les Etoiles de Paris» xalqaro tanlovida Gran-prini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. 2022 yil Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan “Oltin feniks” tanlovida pop-vokal yo‘nalishida birinchi o‘rin va alohida Gran-priga sazovor bo‘lgan.