24/Yanvar/2022 Ta'lim
PARIJ, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev Parij-Sakle universitetida o‘tkaazilgan iqtidorli talabalarni mukofotlar marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbir doirasida universitet rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Fransiya tomoniga mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tantanali marosimda universitetning huquq, iqtisodiyot va menedjment yo‘nalishida tahsil olgan bakalavr va magistratura bosqichining eng iqtidorli talabalari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shu bilan birga, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh universitet professor-o‘qituvchilariga Fransiya Prezidenti nomidan Akademik Palma ordeni topshirildi.
Tadbirda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi «huquqshunoslik» yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olgan magistrlarga esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Parij-Sakle universitetining Jan Mone nomidagi huquq, iqtisodiyot va menedjment fakulteti dekani Boris Bernabe o‘z nutqida O‘zbekiston elchixonasiga ushbu oliy ta’lim muassasasi bilan aloqalarni mustahkamlashga va davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi uchun alohida minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish har ikki tomon manfaatlariga birdek mos kelishini qayd etdi.
“Dunyo AA”
Parij shahri