07/Fevral/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Tashqi ishlar vazirligining axborotiga tayanib.
Vazirlik axborotida O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarimizni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga ko‘chirish va mamlakatimizga olib kelishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan.
Jumladan, 3-6 fevral kunlari Qahramanmarash shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi taʼlim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning O‘zbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.
“2023 yil 7 fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini afsus va chuqur qayg‘u bilan qayd etamiz, - deyiladi axborotda. - Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi. Bundan tashqari, to‘rt nafar hamyurtimiz bedarak yo‘qolgan. Ularni topish bo‘yicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda”.
Hozirda zilzila oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarimizga tegishli yordam ko‘rsatish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan bo‘lib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin +90-538-035-85-34.
“Anadolu” agentligi olgan surat