Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Sentabr/2021   Ekologiya

O‘zbekistonning ekologik muammolarni hal etish borasidagi tashabbuslari Tabiatni va tabiiy resurslarni himoya qilish xalqaro ittifoqining Jahon kongressi doirasida qo‘llab-quvvatlandi


PARIJ, 9 sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi delegatsiyasi Marsel shahrida o‘tkazilgan Tabiatni va tabiiy resurslarni himoya qilish xalqaro ittifoqi (THQXI)ning Jahon kongressida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Diplomatik missiya ma’lumotiga ko‘ra, 3 sentabrda boshlangan anjuman 11 sentabrgacha davom etadi. Kongress bioxilma-xillik sohasidagi yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi anjuman doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar, jumladan, THQXI rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda mamlakatimizning Orolbo‘yidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbuslari taqdimotini uyushtirdi.
Tabiatni va tabiiy resurslarni himoya qilish xalqaro ittifoqi a’zolari ishtirokidagi rasmiy tadbir doirasida THQXI Bosh direktorning o‘rinbosari Sunga Li O‘zbekistonni ushbu tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Tabiatni va tabiiy resurslarni himoya qilish xalqaro ittifoqining 92-a’zosi bo‘ldi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan birinchi mamlakatga aylandi. 
Tashkilot Bosh direktori Bruno Oberle ham O‘zbekistonning Ittifoqqa qo‘shilishini olqishlab, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslar sohasida yanada samarali hamkorlik istiqboliga ishonch bildirdi. U O‘zbekiston tomonidan tabiatni va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qayd etar ekan, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni boshqarishda o‘zining ekspert salohiyati va tajribasini hisobga olgan holda mamlakatimizga barcha mumkin bo‘lgan yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanligini qayd etdi. Xususan, Tabiatni va tabiiy resurslarni himoya qilish xalqaro ittifoqi ilmiy muvaffaqiyatlaridan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni boshqarishga innovatsion yondoshuvlarni joriy etish, shuningdek, bioxilma-xillikni samarali muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishni institutsional mustahkamlash hamda salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali ekologik siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Bruno Oberle so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish kuchayganini ta’kidladi. Hozirgi kunda «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimni tiklash», «Markaziy Osiyoda tabiatni himoya qilish tizimini mustahkamlash orqali genetik kasalliklarning yuzaga kelishiga qarshi kurash bo‘yicha landshaft barqarorligini oshirish», «O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida barqaror o‘rmon xo‘jaligi» kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi «WWF» vitse-prezidenti Keyt Nyuman O‘zbekistonning bioxilma-xillik va tabiatni himoya qilishnga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. «O‘zbekistonning Orol dengizi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbuslari menda katta taassurot qoldirdi, deydi u. O‘zbekistonning bioxilma-xillik sohasidagi sa’y-harakatlarini qutlayman, Tabiatni va tabiiy resurslarni himoiya qilish  xalqaro ittifoqining jahon kongressi doirasida ko‘tarilgan Orol dengizi muammolari uchun jamg‘arma nomidan minnatdorlik bildiraman».
«Global Infrastructure Facility» tashkiloti vakili Tofika Xok ham O‘zbekiston hukumatining Orol dengizi inqirozini yumshatish, Orolbo‘yi hududlarini tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, mahalliy aholi turmush sharoiti va sifatini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.

Mavzuga oid

BMT Bosh kotibi tabiat bilan munosabatni...

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha BMT Atrof-muhit dasturining (YUNEP) yangi hisoboti...

Yaponiyada Orol muammasiga bag‘ishlangan...

Yaponiyada “Virtual shaharda barqaror taraqqiyot maqsadlari” bo‘yicha 4-xalqaro atrof-muhi...

Shveysariyada Ramsar konvensiyasi doiras...

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbos...

So`nggi yangiliklar