03/Iyul/2022 Konstitutsiyaviy islohotlar
JAKARTA, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Jakartadagi elchixonasida Indoneziya ekspert-tahliliy va ishbilarmon doiralari vakillari, vatandoshlar ishtirokida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maqsad va mohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda O‘zbekistonda davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni, xususan, joriy yil 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda bildirilgan takliflar haqida batafsil maʼlumot berildi. Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi va qadr-qimmati, huquq va manfaatlari daxlsizligini mustahkamlash, «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilini taʼminlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatiga erishish hamda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun umumxalq muhokamasidan o‘tayotgani maʼlum qilindi.
Mazkur loyiha bo‘yicha 5 iyulga qadar «meningkonstitutsiyam.uz» portalida Indoneziyadagi fuqarolarimiz ham o‘z takliflarini joylashtirishi mumkinligi qayd etildi.
Anjumanda barcha o‘zgartish va qo‘shimchalar referendum orqali qabul qilinishi alohida taʼkidlandi.