Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/May/2021   Vatandoshlarimiz

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi “Oltin daftar”iga kiritilgan surxondaryolik vatandoshimiz mamlakatimizdagi loyihalari ko‘lamini kengaytirmoqda


SЕUL, 14 may. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan “Oltin daftar”ga kiritilgan, Janubiy Koreyada faoliyat olib borayotgan tadbirkor yurtdoshimiz Surxondaryo viloyatida o‘z loyihalarini kengaytirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Elchixona tomonidan vatandoshlar bilan muntazam hamkorlik jarayonida ularning mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflari o‘rganib chiqilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida 1,7 million dollarga teng 11 ta loyiha bo‘yicha takliflar shakllantirilib, diplomatiya missiyasining “Oltin daftar”iga kiritilgan. Ushbu loyihalarni joylarda amalga oshirilishini ta’minlash va amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida elchixona tomonidan vazirliklar, viloyat hokimliklari va vatandoshlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, videoaloqa orqali muloqotlar tashkil etildi.

Vatandoshimiz Yu.Xurramov Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish markazi va savdo do‘konlarini tashkil etish hamda ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z rejalarini ma’lum qildi. Yurtdoshimiz mazkur biznes rejasini amalga oshirish maqsadida 2020 yil boshida 2 sotix yer maydonida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo markazini barpo etishga kirishib, qurilish ishlarini yakunlashga erishdi.

- Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani hamda yurtimizda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida yurgan o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyadan turib ham elchixonamiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani natijasida ushbu markazimizni ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik, - deydi Yu.Xurramov. - Hozir tumanimiz aholisi va mehmonlari uchun mazkur markazda kompyuter va stomatologiya xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Shu kunlarda savdo do‘konini tashkil etish arafasida turibmiz va bu bilan markazimizda jami 8 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, vatandoshimiz ushbu loyihasini ishga tushirish bilan cheklanib qolmay, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda uni kengaytirishni rejalashtirayotgani, buning uchun esa 8 sotixdan iborat yangi yer maydonini rasmiylashtirish uchun hozirda mahalliy hokimiyatning ko‘magi asosida tegishli hujjatlarni tayyorlash ishlarini boshlab yuborganini ta’kidladi.

- Loyihamizni kengaytirish bo‘yicha taklifimiz tuman hokimiyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, - dedi tadbirkor. - Tumanimizda mahalla guzarini tashkil qilib, unda sartaroshxona, oziq-ovqat do‘koni va karton qutilarni tayyorlash korxonasini joylashtirish niyatidamiz. Bu bilan 10 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish evaziga tumandagi, jumladan, mahalladagi ishga muhtoj aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shishni rejalashtirmoqdamiz.

Janubiy Koreyadagi vatandoshlarimizning yurtimizdagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular tomonidan taklif etilgan loyihalarni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida mahalliy hokimiyatlar, elchixona va tadbirkor yurtdoshlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchi...

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi a...

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi xo...

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi xodimlari ushbu davlat xududida turli xil jinoyatlar...

Yekaterinburgdagi avtohalokatda ikki naf...

Kecha Yekaterinburgda bir guruh o‘zbekistonliklar mingan “Volkswagen Polo” rusumli yengil ...

So`nggi yangiliklar