04/Mart/2021 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
RIGA, 4 mart. /«Dunyo» AA/. Bugun O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimi O‘ktam Masharipov yordamga muhtoj ayollarga 10 ta tikuv mashinasini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizning Riga shahridagi elchixonasi tumanning «Temir daftar»ga kiritilgan, «Mustaqillik» qishloq fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalarga tikuv mashinalarining birinchi jo‘natmasini yetkazib berdi. Mazkur tikuv mashinalari Latviya bozoriga o‘zbek mahsulotlarini eksportchilaridan biri - «Barakat Alfa» kompaniyasi tomonidan taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil dekabr oyida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, tuman aholisi turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shish maqsadida mahallalar doirasidagi amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan edi.
Elchixona ushbu mahallaning ko‘makka muhtoj oilalariga hammasi bo‘lib 20 ta tikuv mashinasini yetkazib berishni rejalashtirmoqda.