27/Mart/2023 Fakt
TOSHKENT, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston milliy metrologiya institutida lSO/lEC 17025 xalqaro standartiga asosan joriy etilgan sifat menejment tizimi KOOMET tomonidan baholash auditi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Baholashda xorijiy yetakchi metrologiya tashkilotlarining 10 nafar ekspertlari ishtirok etishdi.
KOOMET tashkiloti tomonidan joriy etilgan sifat menejment tizimini baholash va tasdiqlash ishlari belgilangan xalqaro hujjatga asosan elektr va magnetizm, uzunlik, massa, bosim, zichlik va qovushqoqlik, fotometriya va radiometriya, ionlashtiruvchi nurlanish hamda harorat laboratoriyalarida amalga oshirildi.
Baholash auditi davomida institutdagi o‘lchash va kalibrlash imkoniyatlari namoyish etilishi O‘zbekistoning o‘lchash natijalarini xalqaro darajada eʼtirof etilishiga erishishda yana bir qadam qo‘yildi.
Sifat menejment tizimini baholash auditi yakuniga bag‘ishlangan KOOMET Texnik qo‘mitasining «Sifat forumi»ning navbatdagi 34-yig‘ilishi Toshkent shahrida, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda lSO/lEC 17025 xalqaro standarti asosida joriy etilgan sifat menejment tizimi ijobiy baholandi.
Taʼkidlash kerakki, O‘zbekistonda metrologiya sohasini rivojlantirish maqsadida xorijiy xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Institut 2018 yilda Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM) aʼzo maqomini oldi. 2019 yilda esa Osiyo-Tinch okeani qonunchilik metrologiyasi forumiga aʼzo bo‘ldi. Bundan tashqari Qonunchilik metrologiyasi xalqaro tashkiloti (OIML), Davlat metrologiya muassasalari Yevroosiyo hamkorligi (KOOMET) kabi xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlar rivojlanib bormoqda.