24/Noyabr/2021 Iqtisodiy diplomatiya
OQTOV, 24-noyabr. /«Dunyo» AA/. Kecha O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsuli Otabek Tursinbekov «Korgau-Astana» xususiy fondi rahbari Anna Ril va ushbu fondning Atirau shahridagi filiali — «Shans» markazi direktori Aleksandra Pevsova bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Qozog‘iston vakillari jamoat birlashmalari faoliyati va ularning o‘zbekistonlik sheriklar bilan O‘zbekiston fuqarolariga, shu jumladan, mehnat migrantlariga beg‘araz huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida hamkorlik qilish istiqbollari haqida ma’lumot taqdim qildi.
«Korgau-Astana» fondi 2006 yildan beri aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Fond birinchi navbatda, ijtimoiy ahvoli og‘ir, zo‘ravonlik qurbonlari, odam savdosi jabrlanuvchilari, shu jumladan, qiyin vaziyatlarga tushib qolgan muhojirlarga ko‘mak beradi. «Shans» markazi ushbu fondning Atirau shahridagi filiali hisoblanadi.
Bosh konsul O‘zbekistonda tashkil etilgan «Vatandoshlar» jamoat fondi va uning xorijdagi yurtdoshlarga yordam ko‘rsatish faoliyati haqida so‘zlab berdi.
«Vatandoshlar» jamoat fondi maqsadlari bilan «Korgau-Astana» va uning «Shans» filiali vazifalarining yaqinligini inobatga olgan holda, Qozog‘iston vakillari ushbu fond bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar «Korgau-Astana» fondi, «Shans» markazi va «Vatandoshlar» jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik masalasini ishlab chiqish, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan Qozog‘istonning Atirau viloyatida vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yordamni kengaytirishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.