01/Dekabr/2022 Dolzarb
RIM, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rimdagi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi (FAO) tashkiloti qarorgohida BMTning 2023 yilgi Suv konferensiyasiga tayyorgarlik doirasida «Suv bo‘yicha Rim muloqoti» (Rome Water Dialogue) bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
Tadbirda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda suvning roli, uning qishloq xo‘jaligi uchun ahamiyati va davlatlarning bu sohadagi saʼy-harakatlari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
FAO bosh direktori Syuy Dunyuy o‘z nutqida ushbu tadbirni BMT 2023 Suv konferensiyasiga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
U qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, bioxilma-xillikni asrash va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun suv bilan bog‘liq masalalarda davlatlarning kuchli siyosiy irodasi va chora-tadbirlari hal qiluvchi ahamiyatga ega, deya taʼkidladi.
FAO ekspertlari fikrlariga ko‘ra, bugungi kunda global chuchuk suv zahirasining 72 foizi qishloq xo‘jaligi sohasi tomonidan isteʼmol qilinmoqda. Taʼkidlanishicha, dunyo suv bilan bog‘liq jiddiy muammolarga, ayniqsa qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va suvning ifloslanishiga duch kelayotir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda 2,3 milliard aholi suv tanqisligi mavjud bo‘lgan davlatlarda, 733 million kishi yoki dunyo aholisining qariyb 10 foizi suv tanqisligi yuqori va keskin bo‘lgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Markaziy Osiyo hududi ana shunday mintaqalar sirasiga kiradi.
Mutaxassislar fikricha, dunyoda suvdan foydalanish amaliyoti shu tariqa davom etsa 2050 yilga borib qishloq xo‘jaligida chuchuk suv resurslariga bo‘lgan talab qo‘shimcha 35 foizga oshishi mumkin.
Bu muammolar global oziq-ovqat va suv xavfsizligini taʼminlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi.
«Suv bo‘yicha Rim muloqoti» ishtirokchilari qator davlatlarda suvdan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Xususan, O‘zbekistonning FAO huzuridagi doimiy vakili o‘rinbosari so‘zga chiqib, co‘nggi yillarda suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
Mamlakatda suv xo‘jaligini 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya asosida o‘n yilliklar davomida to‘planib qolgan jiddiy muammolar hal qilinayotgani, xususan, yirik infrastruktura obyektlari modernizatsiya qilinayotgani va ayniqsa qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarning keng joriy etilayotgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish belgilangani taʼkidlandi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanayotgan maydonlarni 600 ming gektarga yetkazish maqsad qilingani va buning uchun davlat subsidiya dasturlari amalga oshirilayotgani muloqot ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi halokatining Markaziy Osiyo mintaqasiga salbiy oqibatlari taʼsirida suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida investitsiya, yangi texnologiya va innovatsiyalar jalb qilishda xalqaro hamkorlikning muhimligi taʼkidlandi.