Uz / Ўз Ru En

Toshkent

30/Yanvar/2020   Dolzarb

O‘zbekistonning Xitoyda bo‘lib turgan fuqarolari mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari e'tiborida

PEKIN, 30 yanvar. /“Dunyo” AA/. Xitoyda yangi turdagi koronavirusning (2019-nCoV) tarqalishi bilan bog‘liq murakkab vaziyat dunyo jamoatchiligining diqqat markazida turibdi. Xitoy Xalq Respublikasi hukumati tomonidan ko‘rilayotgan tezkor va qat'iy chora-tadbirlarga qaramasdan, mamlakatda mazkur yuqumli virusga chalinganlar va qurbonlar soni ortib bormoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Kasallikni yuqtirgan odamlarning asosiy qismi Xitoy hududida bo‘lsa-da, Janubiy Koreya, Tailand, Nepal, V'etnam, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Fransiya, AQSh, Shri Lanka, Yaponiya, Avstraliya va yana bir necha mamlakatlarda ham unga chalinganlar aniqlangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 30 yanvar holatiga dunyo miqyosida ushbu virusni yuqtirganlar soni 7 ming 800 ga yaqin, qurbonlar soni esa 170 kishini tashkil etmoqda. Shuningdek, 133 kishini ushbu kasallikdan davolashga erishilgan, deb xabar qilinmoqda.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi yuqumli kasalliklar bo‘yicha yetakchi mutaxassis Chshon Nan'shin (Zhong Nanshan) fikriga tayangan holda, virus tarqalishi hali eng yuqori nuqtasiga yetmagani, yuqumli kasallikning tarqalishi nihoyasiga yetishiga uzog‘i bilan o‘n kun borligi to‘g‘risidagi xabarni tarqatdi.

Muxtasar qilib aytganda, ayni kunlarda Xitoyda mazkur virus tarqalishi tufayli yuzaga kelgan murakkab epidemiologiya vaziyati hukmron bo‘lib turibdi. Shu bois. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat mahkamasi tomonidan Xitoyda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni, vatandoshlarimiz sog‘lig‘iga bo‘lgan ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda mamlakatimiz fuqarolariga Xitoyga xizmat yuzasidan, sayohat va boshqa maqsadlarda safarga chiqishdan saqlanib turishlari qat'iy tavsiya etilgani bejiz emas.

Xitoyda koronavirus epidemiyasi tarqalishi munosabati bilan mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi huzurida shtab tashkil etilgan.

 Ushbu shtab tomonidan koronavirus tarqalishining o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasi va Xitoyning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ahvolni monitoring qilish hamda O‘zbekiston fuqarolariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.

Xubey provinsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolari, asosan, mazkur provinsiyaning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalardan iborat. Joriy yil 29 yanvar holatiga ko‘ra, Xubey provinsiyasida 81 nafar mamlakatimiz fuqarosi qolgan. O‘zbekistonlik talabalarning aksariyati yanvar oyi ikkinchi yarmining boshida Xitoydagi Yangi yil bayrami munosabati bilan O‘zbekistonga ta'tilga jo‘nab ketgan.

Shtab a'zolari hamda mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh konsulligi xodimlari nafaqat Xubey provinsiyasi, balki butun mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Uxan' shahrida qolgan talabalarimiz ahvoli bilan bog‘liq vaziyatni muntazam kuzatib borish, ularga konsullik-huquqiy va boshqa amaliy yordam ko‘rsatishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Eng muhimi, Xitoyda o‘zbekistonlik talabalarning salomatligi bilan bog‘liq hech qanday shikoyatlar mavjud emas.

Mamlakatning karantin holati joriy etilmagan hududlaridan yurtdoshlarimizning O‘zbekistonga qaytishlariga ko‘maklashish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar mamlakatimizning Pekin va Shanxay shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan izchil amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Xitoyda keng tarqalgan ommabop «Wechat» ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etilgan axborot ulashish guruhlari, telefon qo‘ng‘iroqlari vositasida kechayu-kunduz davomida Xitoy hududi bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning birorta ham murojaati e'tiborsiz qoldirilmayapti. Shtab tomonidan Uxandagi o‘zbekistonliklargagina emas, balki boshqa provinsiyalarda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizga ham oziq-ovqat, antiseptik vositalarga taqchillik sezilgan taqdirda XXR Tashqi ishlar vazirligi va Xubey provinsiyasi ma'muriyatiga rasmiy murojaatlar vositasida, shuningdek, homiylar ko‘magida zarur mahsulotlarning zudlik bilan yetkazib berilishi tashkil etilmoqda.

Karantin e'lon qilingan hududlardagi yurtdoshlarimizga mazkur shaharlarga kirish-chiqishning ta'qiqlanishi xavfli epidemiyaning boshqa mintaqalarga, shu jumladan, chet ellarga ham tarqalib ketishining oldini olish, kasallikni uning o‘chog‘idayoq bartaraf etish maqsadi bilan izohlanishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hozircha dunyoning birorta ham mamlakatida, jumladan, O‘zbekistonda ham yangi turdagi koronavirusni davolash imkoniyati mavjud emasligi bois o‘zlarining tibbiy xavfsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratishlari zarurligi, koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasida Xitoy hukumati ushbu epidemiya va uning asoratlarini bartaraf etish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rayotgani, mazkur jarayonga yuqori malakali tabbiyot mutaxassislari, dori-darmon preparatlari, diagnostika va davolash dasturlari, lozim darajadagi moddiy resurslar jalb etilgani (27,3 milliard yuan yoki 3,96 milliard dollar), mamlakat hukumati bu borada Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotgani, xorijiy mamlakatlar tomonidan ham tegishli ko‘mak ko‘rsatilayotgani yurtdoshlarimizning e'tiboriga havola etilmoqda. Shuningdek, Xitoy hukumati rasmiylarining yangi virusga davo topish haqidagi bayonotlari mazmuni bilan ham tanishtirilmoqda.

Alohida qayd etish kerakki, elchixona huzurida tashkil etilgan shtabga murojaatlarning aksariyati talabalarning O‘zbekistonga qaytib ketish uchun havo qatnovlari, Xitoy vizasi muddati tugashi munosabati bilan yordam ko‘rsatish, hozirgi vaziyatda qanday yo‘l tutish bo‘yicha maslahat olish singari masalalardan iborat bo‘lmoqda. Shtab tomonidan birorta ham murojaat e'tiborsiz qoldirilmagani holda barchasiga atroflicha javob, maslahat va amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoyda qolgan yurtdoshlarimizdan xavotir olayotgan ota-onalar ham shtab a'zolariga Telegramm, Imo singari xabar uzatish tarmoqlari orqali farzandlariga yordam berilishi yuzasidan O‘zbekistondan yozma va ovozli murojaatlarni yo‘llashmoqda. Ularning barchasiga tezkorlik bilan javob berilmoqda.

Shtab a'zolari Uxan shahrida bo‘lib turgan mamlakatimiz fuqarolariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi yuzasidan Xitoyning mutasaddi vazirlik va idoralari, Xubey provinsiyasi ma'muriyati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Biroq ana shunday ishlar olib borilayotganiga qaramasdan, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulligi go‘yo Uxandagi o‘zbek talabalari atrofidagi vaziyatga e'tibor qaratmayotgani, ularning muammolariga beparvo bo‘layotgani qabilidagi noxolis ma'lumotlar tarqatilgani hollari ham ro‘y berdi. Bularga javoban, Xitoyning turli hududlarida, shu jumladan, Uxan shahrida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talabalar noto‘g‘ri bayonotlarni rad etadigan bir necha video va audio murojaatlarni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildi. Hissiyotga berilgan holda bir tomonlama fikrlari bilan  ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma'lumot tarqatayotgan talabalarga shtab a'zolari tomonidan masalaning tub mohiyati vazminlik bilan tushuntirilmoqda, mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonalari hech bir o‘zbekistonlik taqdiriga aslo befarq emasligi amaliy sa'y-harakatlar bilan ifoda qilinmoqda.

O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan ushbu mamlakatda hukm surayotgan epidemiologik vaziyatni atroflicha va sinchiklab monitoring qilish hamda yurtdoshlarimizga  har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid

Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning...

Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya et...

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2...

Kecha O‘zbekistonning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallan...

Elchi Sharlott Adrian: Orolbo‘yi kabi hu...

BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zon...

So`nggi yangiliklar