Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/May/2021   Sayyohlik

O‘zbekistonning ziyorat sayyohligi ulkan istiqbolga ega


TOSHKЕNT, 14 may. /«Dunyo» AA/. Ma’lumki, so‘nggi yillar davomida mamlakatimizda sayyohlik jabhasini ravnaq toptirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda ziyorat turizmini rivojlantirish alohida o‘rin tutadi.

O‘zining boy tarixi, madaniyati, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab olim va mutafakkirlari, betakror madaniy merosi, ko‘hna me’moriy obidalari, pazandachilik va xalq amaliy san’atiga ega bo‘lgan  O‘zbekiston ziyorat sayyohligi yo‘nalishida ham ulkan salohiyatga ega ekani xalqaro miqyosda o‘z e’tirofini topgan. 

O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda sayyohlikning mazkur yo‘nalishini rivojlantirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Respublikamiz hududida turli dinlarga oid madaniy meros ob’ektlarining mavjudligi  O‘zbekistonda ziyorat turizmini keng targ‘ib qilishga, bu yo‘nalishda xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga sabab bo‘layotgan muhim omillar sirasiga kiradi. Mamlakatimizdagi ziyorat turizmi uchun har jihatdan mos keladigan jami 622 ta madaniy meros ob’ektining 595 tasi islom diniga, 19 tasi nasroniylik, 8 tasi esa buddaviylik diniga mansubdir.

- Mamlakatimizda buddaviylarning boshqa mamlakatlarga sayohatini tashkillashtiruvchi o‘nlab sayyohlik agentliklari mavjud, - deb ta’kidladi «Choge» buddaviylar tashkiloti vakili Yun Yung Xi (Janubiy Koreya). – Biz ziyorat turizmi yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyormiz va manfaatdormiz.

Mamlakatimiz hududida yashab ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy, Xo‘ja Abduholiq G‘ijduvoniy, musulmon olamidagi boshqa qator mashhur alloma va mutafakkirlar maqbaralari musulmon diniga e’tiqod qiladigan ko‘plab sayyohlarning diqqat-e’tibori markazida bo‘lgan qadamjolar hisoblanadi. 

- O‘zbekiston dunyo sayyohlari uchun muhim manzil bo‘lgan diyordir, - deb ta’kidladi «Damga» gazetasi muhbiri Murat Palavar (Turkiya). - Mamlakat ziyoratchilarni jozibador muhiti bilan hayratga soladi. Feruza ranglar bilan jilolangan tarixiy masjidlar, madrasalar, tarix qa’riga eltuvchi karvonsaroylar har qanday sayyohni rom etishi tabiiy. Mamlakat turizm imkoniyatlari bilan bir qatorda asrlar osha sayqallashib kelayotgan milliy urf-odatlar va qadriyatlar ham mehmonlar e’tiborini tortadi.

Shuni qayd etish joizki, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Bunga sabab bo‘layotgan omillar esa talaygina.

Eng avvalo, yurtimizga ziyoratchi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarga binoan, qator mamlakatlarga vizasiz rejimning joriy etilganini qayd etish joizdir. Buning natijasida 2018-2019 yillarda O‘zbekistonga Indoneziyadan kelgan sayyohlar soni 170 foiz, Malayziyadan 158 foiz, Turkiyadan 154 foiz va BAAdan 153 foizga o‘sdi.

Shuningdek, halol turizm bo‘yicha Singapurda joylashgan jahonning nufuzli tashkiloti bo‘lgan “Crescent Rating” agentligi bilan 2018 yilda yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Crescent Rating va Mastercard tashkilotlari tomonidan har yili e’lon qilindigan “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” (Global Muslim Travel Index) reytingida mamlakatimiz 32-o‘rindan 22-o‘ringa ko‘tarildi va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida sayyohlarni jalb qilayotgan “eng jozibador” hamda “xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori” bo‘lgan 10 ta mamlakat qatoridan o‘rin oldi.

“Crescent Rating” agentligi ma’lumotnomalarida qayd etilishicha,  2026 yilga qadar dunyo bo‘ylab halol turizm yo‘nalishida 230 million sayyoh bo‘lishi taxmin qilinmoqda. “Pew Research Center” tadqiqot markazi 2050 yilga kelib dunyo aholisining deyarli 30 foizi musulmonlardan iborat bo‘lishini hisoblab chiqqani ham nazarda tutilar ekan, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish qay darajada muhim ekanligi yana bir bor ayon bo‘ladi.

- Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy okrugi musulmonlari diniy idorasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ziyorat turizmi, islom qadamjolarini ziyorat qilish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar faol rivojlantirilmoqda, - dedi Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari diniy idorasi raisi shayx Ravil hazrat Pancheyev. – Shu ma’noda, O‘zbekiston o‘zining tarixiy va muqaddas obidalari bilan alohida mavqega ega. Mamlakatingizda Buxoro, Samarqand, Xiva va boshqa ziyorat qilinadigan tabarruk shaharlar ko‘p.

Mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda xorijiy mutaxassislar tajriba almashish maqsadida 2019 yil 21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida I Xalqaro ziyorat turizmi forumi o‘tkazildi. Mazkur anjumanda 130 dan ziyod mamlakatning turizm hamda din sohasi olimlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Forum tadbirlari dunyoning 20 dan ziyod OAV va internet tarmoqlari orqali keng yoritildi. Tadbir yakunida qabul qilingan “Buxoro deklaratsiyasi”da O‘zbekiston ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

- O‘zbekiston ochiq osmon ostidagi muzeyga o‘xshaydi, - deydi Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori, moturidiyshunos olim So‘nmez Kutlu (Turkiya). - Bu zaminda o‘zingizni yolg‘iz his qilmaysiz. Men O‘zbekistonga borganimda o‘zimni xuddi tug‘ilib o‘sgan Erzinjan viloyatida yurgandek his qildim. Mamlakatdagi har bir go‘sha va an’analar qadrdondek, tanishdek tuyulaveradi. Men barcha do‘stlarimga hech o‘ylab o‘tirmasdan O‘zbekistonga borishni, ushbu yurtdagi muqaddas qadamjolarni  ziyorat qilishni tavsiya etaman.

Shu bilan birga, 2020 yilda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Buxoro “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan onlayn shaklda ilmiy konferensiya va muloqotlar ham o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda xorijiy mamlakatlardagi tasavvuf yo‘nalishi vakillarining yurtimizdagi “Yetti pir” va Naqshbandiya tariqatiga oid ziyoratgohlarga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Malayziyada joylashgan “World Sufi Centre” jamiyati bilan birgalikda 2018-2019 yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazilgan Naqshbandiya festivaliga xorijdan 500 dan ortiq ishtirokchi keldi. Keyingi yillarda yanada ko‘proq xorijiy sayyohni jalb qilish maqsadida ushbu ziyoratgohlarda keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi, ularda ziyorat amallarini bajarish uchun tahoratxonalar, zamonaviy informatsion texnologiyalar, sensorli infokiosklar o‘rnatildi, yangi muzey va kutubxonalar, ovqatlanish shoxobchalari barpo etildi.

Shuningdek, mamlakatimizning boshqa sayyohlik ob’ektlarida ham ziyoratchilar uchun tegishli sharoitlar va qulayliklar yaratilmoqda. Mehmonxona va ovqatlanish maskanlarini “halol” sertifikatlash yo‘lga qo‘yildi. Respublikaning xalqaro aeroportlari va temir yo‘l vokzallarida ibodat qilish va tahorat olish uchun maxsus joylar tashkil qilindi. Shu tariqa mustaqil ziyoratchilar yoki “Umra+” kabi katta guruhdan iborat sayyohlarni kutib olish imkoniyatlari yaratildi.

Mamlakatimizning Islom sivilizatsiyasi markazi sifatidagi obro‘-e’tiborini targ‘ib etish bo‘yicha ham xalqaro miqyosda e’tiborga molik  ishlar olib borilmoqda. Xususan, Dubay, Alanya, Qozon, Jakarta va Singapur shaharlarida o‘tkazilgan ko‘rgazma va konferensiyalar doirasida, shuningdek, Turkiyaning «TRT Avaz», Indoneziyaning «Trans7», «NetTV», «SCTV», Malayziyaning «AlHijrah», Singapurning «HalalTrip» va boshqa xorijiy media-platformalar orqali targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Natijada, “Mastercard-Crescentrating Halal Travel Frontier 2020” hisobotida islomiy merosni qayta tiklash orqali musulmonlar turizmi bozorida O‘zbekiston yangi trendga asos solgan mamlakat sifatida butun dunyoga e’lon qilindi.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga ham o‘zining salbiy  ta’sirini ko‘rsatdi. Shunga qaramasdan davlatimiz rahbariyati tomonidan pandemiya sharoitida mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va pandemiya bilan bog‘liq muhitning yumshashi bilan mamlakatimizga sayyohlarning tashrifini jadallashtirish yo‘nalishida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, ziyorat maqsadida tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun shart-sharoit va qulayliklar yaratish, turistik ob’ektlarni qayta ta’mirlash, halol ovqatxona va yashash joylarini yaratish, sayr qilish hududlarini tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Yana bir muhim jihat. Mamlakatimizda ziyorat turizmini izchil ravishda rivojlantirish maqsadida turli mamlakatlar musulmonlari, ya’ni salohiyatli ziyoratchilarning mamlakatimizning muqaddas joylari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalarida muntazam ravishda keng ko‘lamdagi targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Xususan, viza tizimi bekor qilingan qator mamlakatlarda targ‘ibot ishlarini jadallashtirish maqsadida “O‘zbekistonnning turizm brendi elchisi” instituti joriy etildi. Unga muvofiq, Xay Davidov (Isroil), Sofi Ibbotson (Buyuk Britaniya), Maxd Asri Zainal Abidin (Malayziya), Xasib Ur Rahmon (Pokiston), Eko Shri Margianti (Indoneziya) turizm elchisi va ziyorat turizm elchisi maqomiga ega bo‘ldi. Ular o‘z mamlakatlarida O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib qilish, mahalliy ommaviy axborot vositalarida turli maqola va intervyular chop etish hamda yurtimizga sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladigan boshqa muhim ishlarni amalga oshirmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda komil ishonch bilan aytish  mumkinki, O‘zbekiston turizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlakatlardan biriga aylanmoqda. Sayyohlik jabhasi doimiy izlanish, investitsiya kiritish, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishni talab etadi. Shu bois O‘zbekiston uchun ushbu strategik muhim bo‘lgan sohani yanada rivojlantirish, mamlakatimiz bag‘rida joylashgan tarixiy va madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek avaylab asrash favqulodda muhim ahamiyatga egadir.

 

Muzaffar Komilov,

“Dunyo” AA.

Mavzuga oid

Pekinda O‘zbekistonga ziyorat turizmi ri...

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi xodimlari va Xitoy Buddaviylik assotsiatsiyasi (XBA)...

Turkiya ommaviy axborot vositalari O‘zbe...

Turkiya ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda bugungi kunda yuz berayotgan ijtimoiy-iqt...

O‘zbekiston «Oriental Fashion Show» xalq...

Parijda moda olamidagi nufuzli tadbir – «Oriental Fashion Show» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. ...

So`nggi yangiliklar