11/Fevral/2020 Iqtisodiyot
TOShKENT, 11 fevral. /«Dunyo» AA/. «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatida Osiyo taraqqiyot banki muvofiqlashtiruvchisi va korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro maslahatchilari bilan muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«O‘ztransgaz» AJ «O‘zbekiston Respublikasi gaz-transport tizimining gaz taqsimlash ob'ektlarida tabiiy gaz oqimlari monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) joriy etgan holda modernizatsiyalash dasturi» loyihasining I bosqichini amalga oshirishni boshladi. Loyiha Moliya va Energetika vazirliklari, shuningdek, Osiyo Taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
OTB maslahatchilarining Toshkent shahriga tashrifi doirasida ushbu loyihani jadallashtirish, 1-bosqich uchun taklif etilayotgan kredit mablag‘larini olishning keyingi jarayonlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Loyiha kompressor stansiyalarini modernizatsiyalash, gaz quvurlarini diagnostika qilish, kapital ta'mirlash, magistral quvurlarning o‘rnatilgan quvvatda ishlashini tashkil qilishga qaratilgan. Buning natijasida tabiiy gaz eksporti va tranzitining barqarorligi, uzluksizligi ta'minlanadi.
Hozirgi vaqtda «O‘ztransgaz» AJ Osiyo taraqqiyot banki bilan faol hamkorlikda ishlamoqda, grant mablag‘lari hisobidan xorijlik maslahatchilarni jalb etilib, loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bugungi kunda jalb qilingan grant mablag‘lari 1 million dollardan ziyod.
«O‘ztransgaz» AJda xarid tizimini Xalqaro moliya institutlari mezonlariga mos tarzda takomillashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Bunda xalqaro xaridlar bo‘yicha boy tajribaga ega Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikka alohida ahamiyat qaratilmoqda. Chunonchi, uchrashuvlar chog‘ida ayni yo‘nalishdagi masalalar ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Xususan, uchrashuvda moliya institutining xaridlar bo‘yicha eksperti Zave Gumbert moliyalashtiriladigan loyihalarda qo‘llaniladigan xaridlar tizimi to‘g‘risida ma'ruza qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, gaz ta'minot infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi kechikishlar, ularning tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish jarayoniga ta'sirining oldini olish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.