Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyul/2021   Jamiyat

Odil sudlovdan barchaning foydalanishini taʼminlash yo‘lida


TOSHKENT, 27 iyul. /”Dunyo/ AA/. Odil sudlovdan barchaning teng foydalanishini taʼminlash uchun talab etiladigan shart-sharoitlar «O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbati doirasida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari ofisi hamda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

 Odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Gras tavsiyalari o‘zida muayyan xalqaro tajribani mujassam etgan. Bu ijobiy tajriba O‘zbekiston davlat organlari vakillarida qiziqish uyg‘otishi tabiiydir.

Gras tavsiyalarida sudga va inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy muassasalarga murojaat qilish bilan bog‘liq masalalar o‘z aksini topgan. Hujjatda milliy ozchiliklar yoki etnik hamjamiyatlarning odil sudlovdan foydalanishiga doir masalalar bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy yondoshuvlar jamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, agar mamlakatimizdagi barcha etnik guruhlarning odil sudlov tizimiga nisbatan ishonchini mustahkamlashni istar ekanmiz, ayniqsa, sudyalar o‘z vazifalarini ado etish asnosida adolatga naqadar amal qilishlarini yaqqol namoyon etishlari zarurligini taʼkidladi. Har birimizning ana shunday alohida saʼy-harakatlarimiz, o‘z navbatida, odil sudlov tizimiga nisbatan jamiyat ishonchini shakllantirishi mumkin.

Davra suhbatida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor Pyer fon Arks ham so‘zga chiqdi.

Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganlaridek, Gras tavsiyalarining Toshkentdagi ushbu taqdimoti O‘zbekiston davlat organlari vakillari bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari uchun etnik hamjamiyatlarning barcha vakillari odil sudlovdan teng foydalanishiga doir dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini yaratdi.

Bu masalalar, jumladan, qonun ustuvorligi, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va tenglikni, shu jumladan, gender tenglikni taʼminlash tamsoyillarini, mustaqil odil sudlov organi tomonidan oqilona muddatlarda adolatli ravishda muhokama qilinish huquqi hamda yuridik yordam ko‘rsatish huquqini o‘z ichiga olgan.

 Anjuman doirasida odil sudlovdan foydalanilishini yaxshilash borasidagi xalqaro tajriba chuqur o‘rganildi. Sudlarda o‘z huquqlaridan foydalanishda hammaga to‘liq teng imkoniyatlar yaratilishini rag‘batlantirish strategiyasi xususida ham so‘z yuritildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro ekspertlar, mamlakatimiz vazirliklari va davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi,  BMTTDning Toshkentdagi ofisi vakillari hamda Shvetsiya Qirolligining O‘zbekistondagi elchisi ishtirok etdi.

  

Mavzuga oid

O‘zbekiston yoshlar huquqlari bo‘yicha j...

Joriy yil 12-13 avgust kunlari Toshkent shahrida Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konfere...

O‘zbekistonda mobil aloqa internet tezli...

«Ookla» kompaniyasining “Speedtest.net” xizmati 2020 yil avgust oyi bo‘yicha yangi ma’lumo...

18-oktyabr – Samarqand shahri kuni

1996 yil 18 oktyabr kuni Amir Temur tavalludining 660 yilligi tantanalari doirasida O‘zbek...

So`nggi yangiliklar