Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Dekabr/2021   Parlament

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida 2022 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun maʼqullandi

TOSHKENT, 15 dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun maʼqullandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Senat maʼlumotiga ko‘ra, mazkur qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilanmoqda. Qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.

Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish surʼatlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Bunda byudjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar faqatgina qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Inflyatsiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 % atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, taʼlim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yana-da rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.

Yana bir muhim jihat. Byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yana-da kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.

Jumladan, qonunda ochiq byudjet, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ nazarda tutilgan.

Mazkur qonun Senat aʼzolari tomonidan maʼqullandi va O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

 

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Ozarb...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bugun mamlakatimizga rasmiy tashri...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi v...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashi...

Senat faol xotin-qizlarni rag‘batlantiri...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi nodavl...

So`nggi yangiliklar