27/Yanvar/2023 Sport
TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al-Musallam, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo o‘yinlari departamenti bosh direktori Haydar Farmon “Toshkent-2025” IV Yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun barpo etiladigan sport majmuasi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Komilov, Qurilish vazirining o‘rinbosari Shukrullobek Jahongirov, Xitoyning “Camce” kompaniyasi muhandislari ishtirok etgan tanishuv jarayonida Olimpiya shaharchasi haqida mehmonlarga batafsil so‘zlab berildi.
Uchrashuvda Osiyo Olimpiya kengashi mutasaddilari barpo etiladigan sport arenalardagi akustika tizimidan tortib, translyatsiya masalalari, tomoshabinlar va faxriy mehmonlar uchun ajratiladigan sektorlarni shakllantirishgacha bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.
Muhokamalar davomida xalqaro ekspertlar har 3 oyda qurilish jarayoni bilan tanishib borishlari, loyiha ishlari yakunlanganidan so‘ng 2025 yilning mart oylarida Olimpiya shaharchasida sinov musobaqalarini o‘tkazish zarurligi qayd etildi.