Uz / Ўз Ru En

Toshkent

06/Dekabr/2022   Jamiyat

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan qabul marosimi muhim mavzuga bag‘ishlandi

BOKU, 6-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Marosimda Ozarbayjon Milli Mejlisi deputatlari, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi prezidenti, Madaniyat vazirligi xodimlari, ekspert va tahlilchilar, ishbilarmonlar, OAV hamda vatandoshlar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochar ekan, elchi B.Ashrafxanov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotgani, ikki davlat yetakchilari rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar nafaqat turkiy dunyo, balki butun jahonga namuna bo‘layotganini qayd etdi. U oliy darajadagi ikki tomonlama hamkorlik ravnaqi madaniy-gumanitar munosabatlarni, shu jumladan, adabiy aloqalarni ham yangi bosqichga ko‘targanini taʼkidladi.

Marosim doirasida O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga asosan mukofotlangan ozarbayjonlik qardoshlar - G.Mammadova, A.Ulvi va R.Askerlarni taqdirlash marosimi
ham bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022 yil 30 avgustdagi farmonini o‘qib eshittirganidan so‘ng unvon
va ordenlarni tantanali ravishda egalariga topshirdi.

Dastlab Ozarbayjon milliy Fanlar Akademiyasi qoshidagi N.Ganjaviy nomli adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston” adabiy aloqalari bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzosi, navoiyshunos olima Almaz Ulvi taqdirlandi.

A.Ulvi o‘z so‘zida, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘zimning samimiy tashakkurimni izhor etaman. O‘zbek tili va o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan mehrim cheksiz. Bu mukofot meni juda baxtiyor etdi, menga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlagani barobarida katta masʼuliyatni ham yukladi, albatta. Kelajakda ham ikki qardosh mamlakatlarimizning adabiy aloqalari jadal rivojlanishi uchun hissa qo‘shishga intilaman. Ushbu fursatdan foydalanib, sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklayman”, dedi.

Mukofot sohibi - Boku davlat universiteti “Turkologiya” kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy aʼzosi, filologiya fanlari doktori, professor, navoiyshunos olim Ramiz Asker o‘z so‘zida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga meni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlaganliklarini eshitib juda quvondim va  hayajonlandim. Shu bois, muhtaram Prezidentga samimiy tashakkurimni izhor etaman. Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman, mamlakatingizda tez-tez bo‘lib turaman, ko‘plab tadbirlarda ishtirok etaman. O‘zbek adabiyotiga bo‘lgan mehrim ham bo‘lakcha. Bu mukofot men uchun sharaf va g‘ururdir. Kelajakda ham o‘zbek adabiyotini Ozarbayjonda targ‘ib qilish yo‘lida mehnat qilaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini, rahbariyatini Konstitutsiya kuni bilan tabriklayman”, dedi.

So‘ngra so‘zga chiqqan Ozarbayjon davlat musiqa teatri vokalisti, Ozarbayjon xalq artisti Gulyanag Mammedova ham o‘z so‘zida “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni bilan mamlakatimiz rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor etar ekan, o‘zbek qo‘shiqlarini tinglash va ijro etishni yaxshi ko‘rishini alohida taʼkidladi. Uning ijrosida kuylangan “Ulug‘imsan Vatanim” qo‘shig‘i bayram tadbiriga alohida shukuh bag‘ishladi.

Tadbirda ishtirok etgan boshqa mehmonlar ham o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdilar. Jumladan, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Isa Gabibbeyli mamlakatimiz xalqini  ostonada turgan Konstitutsiya kuni bilan qutlar ekan, turkiy dunyo butunlay yangi tarixiy bosqichga sobitqadamlik bilan kirib borayotganini qayd etdi.

- Turkiy dunyoning “Nobel” mukofoti – “Alisher Navoiy mukofoti" taʼsis etildi, - dedi u. -Turkiy dunyoning barcha sohalarga integratsiyalashuvi uchun keng maydon ochildi. O‘zbekistondan keyin A.Navoyning benazir va boy adabiy merosi eng ko‘p o‘rganilgan mamlakat Ozarbayjondir. Bugungi ilm va sanʼat sohasidagi vakillarimiz O‘zbekistonning yuksak darajadagi mukofotlari bilan taqdirlangani ham bu fikrlarimning yaqqol tasdig‘idir.

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi “Trend” axborot agen...

O‘zbekiston elchisi “Trend” axborot agentligiga mamlakatimiz taraqqiyotining so‘nggi tende...

Yevropadan tabrik: Do‘stlik va mehr-oqib...

Belgiyaning «Diplomatic World Institute» tahlil markazi prezidenti va bosh direktori Barba...

“Thank you from Uzbekistan” – Oʼzbekisto...

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi musiqachilari butun dunyo boʼylab koronav...

So`nggi yangiliklar