07/Fevral/2023 Sanalar
BOKU, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Boku shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi konferensiya o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya va Janubiy Koreyaning yirik navoiyshunos-olimlari, ilm-fan namoyondalari va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Alisher Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, buyuk allomaning nomini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga oid tashabbuslar, mutafakkir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilish jarayoni, Navoiy asarlarini chuqur o‘rganish va boshqa mavzularga bag‘ishlangan maʼruzalar tinglandi.