03/Dekabr/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
BOKU, 3-dekabr. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning “Trend.az” xalqaro axborot agentligi tomonidan Parijda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlab ochilgan ko‘rgazmalar haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident Emmanuel Makron bilan birgalikda Luvr muzeyida «O‘zbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» va Arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin moʻjizalari» nomli ikkita yirik ko‘rgazmani ochib bergani taʼkidlangan.
«Har ikki ko‘rgazma ham O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan, - deyiladi maqolada. - Luvrdagi ko‘rgazma miloddan avvalgi V-VI asrlardan boshlab Temuriylar hukmronligi davrlarini o‘z ichiga oladi, Arab dunyosi institutida esa XIX-XX asrlar o‘rtalariga oid eksponatlar, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzeylari to‘plamlaridagi Turkiston avangardi yo‘nalishiga oid mo‘yqalam asarlari taqdim etilgan».
Ozarbayjon xalqaro axborot agentligi tomonidan eʼlon qilingan materialda, shuningdek, Buyuk ipak yo‘li o‘tgan hududda turli madaniyat va turmush tarzini ifodalovchi ko‘plab sivilizatsiya va etnik guruhlarning izlari va xazinalari saqlanib qolgani taʼkidlangan. Bu ko‘plab savdo yo‘llari kesishgan, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi almashinuv, ko‘chmanchi va o‘troq turmush tarzlari, turli sivilizatsiyalar va madaniyatlarning uyg‘unlashgan manzildir.
«Mutaxassislarning aytishicha, ushbu ko‘rgazmalar juda samarali bo‘ladi - deb qayd etadi nashr. - Fransiyaga yiliga 60 million sayyoh tashrif buyuradi, Luvrga 10 milliondan ortiq kishi keladi. O‘zbekistonning bunday keng ko‘lamli ko‘rgazmada ishtirok etishi mamlakatni yana-da ko‘proq tanitadi, madaniyati va tarixiga qiziqishni oshiradi».
“O‘zbekiston tomonidan Parijda namoyish etilgan ko‘rgazmalar butun dunyodan millionlab odamlarga buyuk tarix osori-atiqalarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkonini beradi”, deb yozadi o‘z xulosasida “Trend.az”.