28/Noyabr/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
QOHIRA, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning «Sada El Balad», «Savt ash-Shaʼb», «Misr al-Balad», va «The Arab Diplomacy» singari ommaviy axborot vositalarining veb-sahifalarida Parijdagi Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ochilgan O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar haqidagi turkum maqolalar arab va ingliz tillarida eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ularda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi samarali o‘tgani bilan bog‘liq tafsilotlar qalamga olingan. Misr nashrlari davlatimiz rahbarining Parijga tashrifi davomida madaniy-gumanitar va muzeylar sohasidagi aloqalar mavzusiga alohida eʼtibor qaratgan.
Mazkur maqolalarda taʼkidlanganidek, tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida bo‘ldilar. «Davlat rahbarlari Luvrda O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» ko‘rgazmasini ochdilar», deb yozadi Misr ommaviy axborot vositalari.
Alohida qayd etilganidek, «O‘zbekiston tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ushbu ko‘rgazma mamlakatning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan, ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi. Ko‘rgazmaning ilk mehmonlari bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqalʼadan o‘ymakor panno, Katta Langar Qurʼoni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘sh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar».
Misr elektron OAV tomonidan eʼlon qilingan maqolalarda, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining Parijdagi Arab dunyosi institutida ochilgan ikkinchi ko‘rgazmaga tashrif buyurishgani haqidagi maʼlumotlar ham o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Ularda Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin moʻjizalari» ko‘rgazmasida O‘zbekistonning 9 ta eng yirik muzeylaridan 300 dan ortiq eksponat taqdim etilgani maʼlum qilinar ekan, ko‘rgazma joriy yilning 23 noyabridan 2023 yilning 4 iyuniga qadar ilk bor Fransiyada keng xalqaro jamoatchilikning eʼtiboriga havola qilinishi qayd etilgan.