03/Fevral/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 3 fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Pokiston elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniyni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy hamda yuqori darajadagi tadbirlar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Elchi Baxtiyor Saidovga Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Pokiston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishining samarali natijalarini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, Pokiston bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘lib, bu soha so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashmoqda. Jumladan, 2022 yilda tovar ayirboshlash hajmi 131 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni 200 taga yetdi.
O‘zbekiston TIV rahbari elchining mamlakatimizdagi uch yillik faoliyati muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etib, davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Sayid Ali Asad G‘iloniy, o‘z navbatida, Pokistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida har tomonlama yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.