27/May/2023 Dolzarb
ISLOMOBOD, 27-may. /“Dunyo” AA/. «Umumiy kelajak jamiyati» tahlil markazining ijrochi direktori Xolid Taymur Akram O‘zbekiston Prezidentining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi o‘ttizinchi yig‘ilishidagi nutqi haqidagi fikrlarini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslar uning mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaati yo‘lida bo‘lajak mintaqaviy integratsiyaga bo‘lgan yondashuvining bevosita ifodasidir. Davlatingiz rahbari tadbir ishtirokchilarini qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi o‘sish nuqtalari va savdo aloqalarini kengaytirish imkoniyatlarini izlashga chaqirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Yevroosiyo mintaqasida sanoat markazlarini qurish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini taʼkidladi. Bu esa sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha kelishilgan harakatlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, bojxona maʼmuriyati, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazoratining elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiyalash muhimligini aytib o‘tdi. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va izchil strategiyani qabul qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va yangi taraqqiyotga erishish mumkinligi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidentining muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun barqaror logistika zanjirlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish muhimligi haqidagi firklari juda o‘rinlidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli sheriklik dinamikasini bayon etar ekan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sohalarida hamkorlikni kengaytirish, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar taʼlimi markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali yechimlarni ilgari surdi.
Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, mamlakatingiz rahbariyati mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish orqali insoniyatga xizmat qilishga intilmoqda.
O‘zbekiston hamkorlikni taʼminlash va mustahkamlash, mintaqalararo integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishda davom etadi, deb o‘ylayman.
Rasmiy Toshkentning qarashlari o‘zaro hurmat va manfaatlar muvozanati tamoyillari asosida izchil olg‘a intilmoqda.