Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Avgust/2020   O‘sish nuqtasi

Polshalik tadbirkor: O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar xalqaro klasterlarda ishtirok etishlari kerak


VARSHAVA, 5-avgust. /«Dunyo» AA/. Polshaning «EP Furniture» kompaniyasi O‘zbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni amalga oshirish bilan bir qatorda mamlakatimizning eksport salohiyatini Polsha ishbilarmon doiralari orasida faol ravishda ilgari surayotgan ishonchli sheriklaridan biridir. Kompaniya 2018-yil O‘zbekiston eksportchilari bilan hamkorlik qilishni boshlagan. So‘nggi ikki yil davomida umumiy qiymati 20 million dollar bo‘lgan 20 dan ortiq shartnoma imzolandi hamda amalga oshirildi. 2020 yilning o‘tgan davrida kompaniya Polsha ishbilarmonlari ishtirokida O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish bo‘yicha 10 ga yaqin seminar o‘tkazdi.

«Dunyo» AA muxbiri «EP Furniture» kompaniyasi bosh direktori Richard Lipinski bilan kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida suhbatlashdi.

— Men O‘zbekistonni juda yaxshi bilaman, eng muhimi, oldingi va hozirgi mamlakatni farqlay olaman, - deydi u. - Shuning uchun biznes sherik sifatida respublikaning iqtisodiy rivojlanish istiqbollari, uning eksport salohiyati, shuningdek, ishbilarmonlik imkoniyatlari to‘g‘risidagi fikrlarimni bildirmoqchiman.

Bugun O‘zbekiston yangi davrga qadam bosgan. Bir yil avval men mamlakatda bo‘lib, u yerda bir oyga yaqin vaqt davomida yashadim. Aytishim mumkinki, ana shu qisqa vaqt mobaynida mamlakatni qanchalik o‘zgarganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, qalbim bilan his qildim. Rostini aytsam, o‘zbek zaminini yaxshi ko‘rib qolganman. Baxtiyorlik muhiti hamma joyda seziladi, odamlar kelgusidagi taraqqiyot istiqbollariga ishonmoqda, islohotlarda faol ishtirok etmoqda.

Men, xususan, O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori imkoniyatlarga ega mamlakat, deb hisoblayman. Respublika oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qodir. Meva va sabzavotlarning keng assortimenti yetishtirilmoqda, bu esa eksport bo‘yicha katta istiqbollar mavjud deganidir.

Sayyoramizda iqlim o‘zgarib borayotganligi sabab Yevropada tabiiy ofatlar ko‘p sodir bo‘lmoqda. Masalan, Polsha va Yevropaning qator boshqa davlatlarida bir yil oldin kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tanqisligi yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda biz oziq-ovqat importining manbalarini diversifikatsiya qilishni boshladik va ularni O‘zbekistondan topdik. Mamlakatingizning iqlim sharoiti yiliga bir necha marta hosil olish imkonini beradi.

Men O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiy rivojlanishini tahlil qildim. Keling, o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni faollashtirishga undagan asosiy omillar haqida so‘zlab bersam.

Avvalo, men O‘zbekiston rahbariyatining joriy iqtisodiy siyosatini to‘g‘ri, deb bilaman. Bu nafaqat mening, balki ko‘plab mahalliy va xorijiy ishbilarmonlarning ham fikridir. Ushbu sa’y-harakatlarning natijasi bugungi kunda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Respublika jadal rivojlanmoqda, belgilangan vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Eksportni kengaytirish iqtisodiyotni barqaror ishlashi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun zarurdir.

O‘zbekiston Yevropa bozorlarida doimiy ishtirokchiga aylanishi mening ishonchim komil. Bu bu fikrlarimni isbоtlash uchun yetarli dalillarim bor.

O‘zbekiston Yevropadan ancha olisda joylashganiga qaramay, transport xarajatlari unchalik qimmat emas. Chunki bugun biz O‘zbekistonda eksportchi transport xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplanib, qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rayapmiz. Endi mahsulotlarni Yevropaga yetkazib berish muddatlarini qisqartirish ustida ishlash talab qilinadi. Bu, o‘z navbatida, savdo hamkorligi samaradorligini yanada oshiradi.

Bundan tashqari, men O‘zbekistonda eksport mahsulotlarini manzilga yetkazib berishni davlat tomonidan sug‘urta qilish tizimini joriy etish juda foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu o‘zbekistonlik eksportchilarga o‘z mahsulotlarini yangi sharoit va manfaatli shartlarda sotishga imkon beradi.

Shuningdek, o‘zbek eksportchilariga uzoq muddatli shartnomalar tuzishni maslahat bermoqchiman. Bizga ma’lumki, hozirgi paytda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida klasterlar faoliyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Menimcha, bu juda to‘g‘ri yondashuv. Shu bois men o‘zbek ishlab chiqaruvchilarini xalqaro klasterlar faoliyatiga jalb qilish tashabbusi bilan chiqdim. Masalan, O‘zbekistonning agrar klasteri Polsha yoki Yevropadagi boshqa agrar klaster bilan hamkorlik o‘rnatsa o‘zbekistonlik eksportchilarning uzoq muddatli shartnomalar tuzish imkoniyati kengayadi.

Yana bir bora takrorlayman, O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda. Men bunday mamlakatdagi ishonchli sheriklarim bilan hamkorlikni davom ettirish va o‘zbek mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish geografiyasini kengaytirishga hissa qo‘shishni rejalashtirganman. Bu ishda yolg‘iz emasman. Bugungi kunda Polshadagi ko‘plab ishbilarmonlar O‘zbekiston bilan barqaror hamkorlik o‘rnatishga intilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning quritilgan mevalari eksp...

O‘zbekistondan quritilgan mevalarni import qiluvchi Yaponiyaning "Global Silk Road Inc." k...

So‘nggi yillardagi islohotlar mahsulotla...

O‘zbekistonda pandemiya sharoitida tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ...

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotla...

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2000 yildan buyon mamlakatimizn...

So`nggi yangiliklar