Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Aprel/2020   Jamiyat

Propiska bo‘yicha Prezident farmonida fuqarolarga qator yengilliklar berildi


TOSHKENT, 22-aprel. / “Dunyo” AA/. “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Adliya vazirligi manbasiga asoslanib.
Farmonga muvofiq, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tiladi.
Shunga ko‘ra, birinchi bosqichda quyidagilar amalga oshiriladi:
“doimiy propiska qilish” va “turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” tushunchalari “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga o‘zgartiriladi;
-fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini o‘zi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish imkoniyati yaratiladi;
- doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotinning nikohdan keyin 1 yil davomida birgalikda yashash sharti hamda 1 yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi yo‘qotilishi to‘g‘risidagi qoida olib tashlanadi;
- oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi;
- ilgari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar doimiy yashash uchun tegishincha qaytib kelganida, ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga hech qanday to‘siqlarsiz qayta doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi;
- tegishli lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolarga hamda respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar uchun lavozimni egallab turish davriga beriladigan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish huquqiga cheklov bekor qilinadi;
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan davlat tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi;
-respublikaning boshqa hududlarida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarni sotib olib, 3 yil ichida sotgan holatlarda davlat bojining alohida stavkalarini qo‘llash tartibi bekor qilinadi.
Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi talab qilinmaydi.
O‘zbekiston fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.
Bunda O‘zbekiston fuqarolarini “Manzil” tizimi orqali doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 2020-yil 1-sentyabrdan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini buzganlik holati O‘zbekiston fuqarolarini tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborish uchun asos bo‘lib hisoblanmaydi.
Ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun bo‘ladi
Farmonga binoan;
O‘zbekiston fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun hisoblanadi;
-doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish 1 kun ichida amalga oshiriladi;
-O‘zbekiston fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilinadi;
-O‘zbekiston fuqarolariga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilinadi;
-harbiy xizmatga majburlarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan olinishda mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilinadi;
-O‘zbekiston fuqarosi tomonidan soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma’lumot taqdim etilganda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.
Shuningdek, bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manziliga idoralararo elektron hamkorlik orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi joriy qilinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining muayyan hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston fuqarolari tegishincha ushbu hududning boshqa manzilida istiqomat qilsa, turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olinishi shart emas va pasport tizimi qoidalarini buzgan deb hisoblanmaydi.

Mavzuga oid

Xalqaro Nelson Mandela kuni munosabati b...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Xalqaro Nelson Mande...

Tokio xorijiy tillar universitetida 50 n...

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yill...

O‘zbekiston – jo‘shqin hayot tarziga ega...

Janubiy Koreyaning Mogvon universiteti prorektori, Koreya Respublikasi yuridik tadqiqotlar...

So`nggi yangiliklar