Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Yanvar/2023   O’zbekiston dunyo nigohida

Qirg‘izistondan munosabat: Qachonki qo‘shnilar tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishsa ular uchun umumiy manfaatlarga daxldor bo‘lgan har qanday muammolarni hal etish oson kechadi

Telegram uchun: Qirg‘izistondan munosabat: Qachonki qo‘shnilar tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishsa ular uchun umumiy manfaatlarga daxldor bo‘lgan har qanday muammolarni hal etish oson kechadi 


Qirg‘iz matbuoti  O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga bugun boshlangan davlat tashrifi haqida

BISHKЕK, 26 yanvar. /«Dunyo» AA/. «Katta imkoniyatlar tashrifi» -  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bugun boshlangan davlat tashrifiga yetakchi qirg‘iz ommaviy axborot vositalari ana shunday ta’rif berayotir, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Qirg‘izistonning «Kut bilim» nashri va ommabop «Vecherniy Bishkek» nashriyot uyi veb-sahifasida e’lon qilingan siyosatshunos Kuban Abdimen qalamiga mansub “O‘zbekiston imijini o‘zgartirgan Prezident” sarlavhali maqolada ushbu tashrifning ahamiyatini boshqacha baholash g‘ayri imkon ekanligi ta’kidlangan.  “Birinchidan, mazkur tashrif Shavkat Mirziyoyev 2021 yil oktabr oyida O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin Qirg‘izistonga birinchi tashrifdir. Ikkinchidan, o‘ttiz yillik muzokaralardan so‘ng joriy yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasidagi barcha bahsli uchastkalar bo‘yicha kelishuv jarayoni yakunlandi. Uchinchidan, O‘zbekiston Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha xalqaro loyihada ishtirok etishini rasman e’lon qildi. To‘rtinchidan, Toshkent Qozog‘iston bilan birgalikda Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha yirik loyihada qatnashishga qaror qildi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi oqimning quyi qismida joylashgan mamlakatlarga vegetatsiya davrida kafolatlangan suv resurslarini yetkazib berish, shuningdek, yil mavsumidan qat’i nazar mintaqa yagona energetika tizimi uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadlariga qaratilgan”, deb qayd etgan muallif. 
Qirg‘iz siyosatshunosi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bevosita qabul qilingan qarorlar asosida Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlarida erishilgan boshqa ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar borligi haqida yozgan. “O‘zbekiston rahbarining qirg‘iz xalqi va butun Qirg‘izistonga nisbatan samimiy munosabati yaxshi ma’lum, - deb urg‘ulagan Kuban Abdimen. – O‘zbekiston yetakchisi Jizzax viloyatidagi qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladigan Manas qishlog‘i qiyofasini yangilash tashabbusini ilgari surgan va qirq kun ichida ushbu qishloq butkul yangi zamonaviy qiyofaga ega bo‘lganini ko‘rib, xursand bo‘lgan edi. Bu uning qirg‘iz xalqiga bo‘lgan hurmati, “Manas” dostonining mazmun-mohiyatini chuqur anglagani, shuningdek, O‘zbekistondagi qirg‘iz diasporasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatganidan yorqin dalolatdir”.
“Kabar” Milliy axborot agentligi “Katta imkoniyatlar tashrifi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston Prezidentlari mislsiz hujjatlar to‘plamini imzolaydilar” sarlavhali maqolani tarqatdi. Uning muallifi Kirill Stepanyukning yozishicha, «Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Ikki davlat yetakchilari chegarani belgilash bo‘yicha bahsli masalalarni hal etib bo‘lgach, iqtisodiy kun tartibni ilgari surish bilan faol shug‘ullandilar. Prezidentlar Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni har ikki respublika aholisi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratmoqda».
«Qachonki qo‘shnilar tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishsa ular uchun umumiy manfaatlarga daxldor mintaqaviy xavfsizlik masalalaridan tortib energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni amalga oshirishgacha bo‘lgan har qanday muammolarni hal etish oson kechadi, - deya ta’kidlanadi mazkur maqolada. - Ekspertlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi muloqot strategik sheriklik maqomiga ega bo‘lgani, ikki mamlakat yetakchilari ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga bel bog‘laganiga e’tibor qaratmoqda. “Biz ko‘p asrlar davomida yaqin qo‘shnilar bo‘lib yashab kelganmiz va doimo shunday bo‘lib qoladi” degan oddiy haqiqat siyosiy hamkorlik yo‘lidagi asosiy dasturilamalga aylandi”.
Muallif oliy darajadagi doimiy aloqalar va muzokaralar jarayonida Qirg‘iziston va O‘zbekiston yetakchilari siyosiy muhitni o‘zgartirishga kirishdilar, bu butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb qayd etgan. Transchegaraviy daryolar oqimi masalasi bo‘yicha kelishuv Qirg‘izistonga «Qambar-ota-1» GESi qurilishi loyihasini amalga oshirishni boshlash imkonini berdi va uni hayotga tadbiq etishda nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston ham ishtirok etadi. Yirik GESning quvvati nafaqat aholi ehtiyojini to‘liq qondirish, balki mintaqada energiya ishlab chiqarish korxonalarini yaratish, yangi zavod va fabrikalar ochish uchun ham yetarli bo‘ladi.
«Kabar» Milliy axborot agentligi, shuningdek, siyosatshunos Sheradil Baktigulovning Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlarining zamonaviy bosqichiga bag‘ishlangan maqolasini ham e’lon qildi. Muallif Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini batafsil tahlil qilar ekan, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarning jadal rivojlanib borayotganiga alohida e’tibor qaratgan.
«O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan iste’mol bozoriga, Qirg‘iziston esa katta gidroenergetika salohiyatiga ega, - deb yozadi ekspert. - Jahon bankining bu boradagi hisob-kitobi qiziqish uyg‘otadi – 2020 yildan 2030 yilgacha Markaziy Osiyo davlatlari gidroenergetika salohiyatidan foydalanishni yaxshilash va mintaqadagi quvvatlarni birgalikda rejalashtirish orqali 6,4 milliard dollargacha iqtisodiy foyda olishi mumkin».
«Yana bir istiqbolli loyiha Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishidir, - deydi qirg‘izistonlik siyosatshunos. - Mazkur yirik loyihada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlarda ushbu yo‘nalishga qiziqish yuqori. Niderlandiyada joylashgan nufuzli «RailFreight» xalqaro resursining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu temir yo‘lning qurilishi Xitoydan O‘zbekistongacha bo‘lgan masofani jiddiy qisqartiradi. Temir yo‘l yo‘nalishi Eron (Turkmaniston orqali) va Turkiya, alal-oqibat Yevropa bilan bog‘lanadi. Xitoydan Janubi-Sharqiy Yevropaga yo‘nalish 900 kilometrgacha qisqarishi mumkin, bu yetti-sakkiz kunga tengdir».
Maqola intihosida «Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlar haqida gapirganda, hamkorlik asoslari va yo‘nalishlari o‘zgarishsiz qolayotganini, hamkorlik imkoniyatlari kengayib, yangi voqelikka aylanib borayotganini ta’kidlash kerak», deb yozadi Sheradil Baktigulov. 
2016-2018 yillarda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan  Doniyor Sidiqov «Asrlarga teng qirg‘iz-o‘zbek do‘stligining 30 yili» sarlavhali maqolasida qadim zamonlardan buyon mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlari, intilishlari va taqdiri umumiy asoslarga ega ekanligi ta’kidlangan. “Bularning barchasi o‘z davlatchiligini yaratgan buyuk pahlavonlar, amirlar, afsonaviy siymolarning ko‘rsatgan jasoratlari haqidagi dostonlarimiz, yozma manbalarimizda saqlanib qolgan, - deb yozadi u. - Bizning tariximiz, tilimiz, dinimiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, ma’naviy qadriyatlarimiz mushtarak, qon-qarindoshlik rishtalari mustahkam. Aynan ana shunday munosabatlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada izchil rivojlantirish zarurligini oldindan belgilab berdi. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi Qirg‘iziston-O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi va barcha darajalarda konstruktiv muloqot davom ettirildi».
«O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan yangi islohotlar, Qirg‘izistonga nisbatan do‘stona siyosat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun ko‘plab imkoniyatlarni ochib berdi. Ishonamanki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ham tarixiy bo‘lib, barcha sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi», deya ta’kidlaydi Doniyor Sidiqov.
Tashrif arafasida, shuningdek, «Slovo Kirgizstana» gazetasida Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar milliy institutining Huquqiy va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari Avtandil Arabayevning «Yo‘l xaritasida chegara yo‘q» sarlavhali tahliliy  maqolasi chop etildi.
Unda Qirg‘iziston jamoatchiligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifiga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlangan. Ushbu tashrif nafaqat muhim voqeaga aylanishi, balki Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlaridagi qator dolzarb masalalarni hal etish yo‘llarini ham belgilab beradi.
Avtandil Arabayev Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi ortidan davlatlararo munosabatlar faol rivojlana boshlaganini qayd etgan. «Bunda siyosatchi Shavkat Mirziyoyevning zukkoligi yaqqol namoyon bo‘ldi, - deydi ekspert. - Axir qirg‘izlar va o‘zbeklar shunchaki qo‘shni emas – bu xalqlarni umumiy tarix, madaniyat, ma’naviy va diniy qadriyatlar bog‘lab turadi. Shu bois Qirg‘iziston bilan yaxshi qo‘shnichilik va ishonchli munosabatlar o‘rnatish O‘zbekiston yetakchisi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi».
Shu bilan birga, Huquqiy va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘iziston Qozog‘istondan keyin O‘zbekistonning ikkinchi savdo sherigiga aylandi.
Muallif, shuningdek, mushtariylar e’tiborini O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlariga oid masalalarni yechish yo‘lida erishilgan natijalarga qaratgan. «Shubhasiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Davlat chegarasi masalalarining yakuniy yechimi ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida yaqin ishonchli munosabatlar o‘rnatilgani e’tiborlidir. Bu, albatta, do‘stona va o‘zaro manfaatli davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda ham, ikki qardosh xalqning tinch va totuvlikda yashashga intilishi uchun mustahkam shart-sharoit yaratishda ham ijobiy samara bermoqda”, deb yozadi Avtandil Arabayev.
E’tiborli jihati, «Slovo Kirgizstana» umummilliy gazetasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi to‘g‘risidagi axborot materialini «Xush kelibsiz, janob Prezident!» sarlavhasi ostida chop etdi.

Mavzuga oid

Germaniya OAV O‘zbekistondagi ochiqlik v...

Germaniyaning yetakchi axborot agentligi - «Deutsche Presse-Agentur» (DPA) portali hamda b...

O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot...

Misrda ingliz tilida nashr etiladigan «Sada al-Bilad» gazetasi sahifasida mamlakatimizda a...

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub ...

Germaniyaning yirik internet-manbalaridan biri bo‘lgan “Rresseportal” axborot saytida Germ...

So`nggi yangiliklar