Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Aprel/2021   Qonunchilik

Qonunchilik palatasida O‘zbekistonda islom moliya tizimini tatbiq etish istiqbollariga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekistonda islom moliya tizimini tatbiq etish istiqbollari va huquqiy asoslarni yaratish» mavzusiga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Quyi palata manbasiga ko‘ra, tadbirda islom moliyasi tarixi va bugungi holati, O‘zbekistonda islom moliyaviy xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj, uning qonunchilik va huquqiy asosini yaratish zarurati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumki, islomiy moliya foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni ko‘zda tutadi. Yaʼni u sherikchilikka asoslanadi. Ular mijoz talabi bilan obyektni qurishi, asbob-uskunalar, tovar, xom ashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Sheriklik asosidagi moliyalash tizimi esa daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklar, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga asoslanadi.

Bugungi kunga kelib, 300 dan ziyod islom banki va moliya muassasasining yalpi aktivi 2,5 trillion AQSH dollaridan oshib, yiliga 15-20 foizga o‘smoqda. Shu maʼnoda, musulmon davlatlardagi faoliyati islomiy moliyalashtirishga asoslangan tashkilotlar mablag‘ini O‘zbekiston iqtisodiyotiga, xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlashga jalb etish ayni muddaodir.

Mamlakatimizda islomiy moliyalashtirish ishlari 2004 yilda boshlangan bo‘lib, bu O‘zbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) aʼzoligiga qo‘shilgani bilan bog‘liq. Yurtimiz uchun yangi yo‘nalishga bugun biznes vakillarida ham, aholida katta ehtiyoj mavjud. Chunki mamlakatimiz aholisining 90 foizidan yuqori qismi islom diniga eʼtiqod qiladi va eʼtiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi anʼanaviy kreditlash tizimidan foydalanmayapti. Muqobil kreditlash tizimi orqali esa mazkur qatlam ham to‘liq qamrab olinishi mumkin.

“Davra suhbati”da O‘zbekistonda islom moliyasi bo‘yicha biznes vakillari hamda aholi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham eʼlon qilindi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri va onlayn shaklda o‘tkazilgan so‘rovda 2 ming 235 nafar biznes vakillari, qariyb 5 ming nafar jismoniy shaxs ishtirok etgan. Natijalarga ko‘ra, biznes subyektlarining 38 foizi, jismoniy shaxslarning esa 56 foizi diniy qarashlari sabab anʼanaviy bank kredit xizmatidan foydalanmaydi. Mos ravishda ishtirokchilarning 61 va 75 foizi O‘zbekistonda islom moliya muassasalari ish boshlasa yoki islom moliya xizmatlari taklif etilsa, tanlashga tayyor ekanligini bildirgan.

So‘rovda banklar ham ishtirok etgan va ulardan O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etishdagi to‘siq va muammolar haqida so‘ralgan. Banklardagi mavjud dasturiy taʼminot tizimlari islom moliya bitimlari bo‘yicha amaliyot o‘tkazishga moslashtirilmagan. Hozircha islom moliyasi va banki bo‘yicha mutaxassislar oliy taʼlim tizimida tayyorlanmaydi. Shu bois, mutaxassislar kam, amaliy tajriba esa yo‘q. Shuningdek, aholining islom moliyasi haqida bilim va tushunchalari ham yetarli emas.

Tadbirda taʼkidlanganidek, islom moliyasi mahsulotlaridan foydalanish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslari hamda boshqa qonunosti hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilinishi lozim. Shuningdek, bu sohada kadrlarni tayyorlash va aholining savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Mavzuga oid

O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida xal...

2013 yil 5 noyabr kuni Madrid shahrida imzolangan O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida jin...

O‘zbekistonda Advokatura institutini tak...

Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi p...

Jazoni ijro etish muassasalariga tashrif...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan diplomatik korpus, x...

So`nggi yangiliklar