29/Noyabr/2022 Iqtisodiyot
TOSHKENT, 29 noyabr. /“Dunyo” AA/. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining (ITSV) Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarining rahbarlari uchun viloyatda yaratilgan investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlar va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar bo‘yicha tajriba almashish maqsadida maxsus tur tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
ITSV maʼlumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasiga “NEWLAND” MCHJ tomonidan to‘qimachilik mahsulotlari, OOO «Master building» MCHJ tomonidan qurilish materiallari, “ADM” MCHJ tomonidan avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish usullari taqdimot qilindi. Mehmonlar “Silverleafe” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli paxta klasteri, «Gold Fish agro Export» MCHJga qarashli baliqchilik klasteri, «Irus KON» MCHJga qarashli qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan ham tanishdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Jizzax viloyati korxonalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi vakillari o‘rtasida konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, har ikki hududda o‘zaro ilg‘or tajribani o‘zlashtirish imkonini beradi.