16/Dekabr/2020 Ilm-fan
SЕUL, 16 dekabr. /«Dunyo» AA/. Bugun Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Gon va assotsiatsiya mas’ul xodimlari Janubiy Koreyaning Sovon unversiteti vakillari bilan Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan chet el unversiteti filialini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bordi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda Sovon universiteti rektori Son Sok Min, rektor o‘rinbosari Chon Xing Su va boshqalar ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida mazkur universitetning Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha filialini tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yarim asrlikdan ortiq tarixga ega bo‘lgan Sovon universiteti Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari orasida yuqori o‘rinlarda qayd etiladi.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalarini birlashtirish orqali «Aqlli ferma» yo‘nalishida fakultet tashkil etish katta qiziqishga uyg‘otayotgani qayd etildi.
— Universitetimiz Vetnam, Kombodja kabi davlatlarda ta’lim bo‘yicha turli aksiyalarda ishtirok etib kelmoqda, — dedi universitet rektori Son Sok Min. — Talabalarning chet el ta’limiga bo‘lgan qiziqishi juda yuqori. Shu sababli O‘zbekiston bilan almashuv dasturlari doirasida hamkorlik qilish biz uchun muhim imkoniyatdir.
Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Gon qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, maktabgacha ta’lim, koreys tili yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan unversitet filialini tashkil etish orqali mamlakatning ilg‘or ta’lim tizimi va mukammal nou-xau loyihalarini ilgari surish ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Muhokama yakunida tomonlar O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi va respublikaning mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida videokonferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarni o‘z ichiga oladigan anglashuv memorandumini imzolash, loyihani hayotga izchil tadbiq etishga oid masalalar muhokama qilinishi rejalashtirildi.