03/Iyul/2022 Prezident
TOSHKENT, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda davlatimiz rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining shaxsiy telegram-kanalida yozdi.
«Davlatimiz rahbari bugun tongda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlari bilan muloqot qildi, - deb yozdi Sherzod Asadov. - Tuman hokimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi. Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining kechagi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgan, hayot o‘z maromiga qaytmoqda».
Prezident matbuot kotibi qayd etganidek, kecha davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etilgan edi. Hudud komendanti ushbu holat bo‘yicha axborot berib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini taʼkidladi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati surati