Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Dekabr/2021   Eksport

Rossiya - O‘zbekiston - Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha birinchi «Agroekspress» sinov tashuvini muvafaqqiyatli amalga oshirdi

MOSKVA, 24-dekabr. /«Dunyo» AA/. Toshkent shahridan yo‘lga chiqqan uzum, xurmo, pomidor, limon kabi meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan konteynerlarni o‘z ichiga olgan birinchi «Agroekpress» Moskvaning «Selyatino» temir yo‘l bekatiga yetib keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, bu Rossiya–O‘zbekiston logistika koridorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilgan ilk eksport yuk tashuvi bo‘ldi. Loyiha Rossiya eksport markazi, O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston temir yo‘llari, hamkor logistika kompaniyalari, shuningdek, logistika koridorida qatnashayotgan mamlakatlarning bojxona va fitosanitariya xizmatlari ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Sinov jarayonida mutaxassislar barcha texnologik va nazorat masalalarini ishlab chiqdi. Yo‘nalish uchun maxsus tarif stavkasi kelishib olindi va kelgusida poyezdlar aniq jadvalga muvofiq muntazam tarzda yuk tashuvini bajaradi.

«Albatta, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Lekin, eng asosiysi, biz ilk qadamlarni tashladik, amalda “Agroekspress”ning harakatlanish nuqtalari, tranzit zonalarini o‘rgandik, “yashil koridor” tartibida bo‘lsada, turli nazorat tadbirlarini o‘tkazdik. Ushbu loyihani takomillashtirishdan barchamiz manfaatdormiz. Unga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon kabi davlatlar ham qiziqish bildirmoqda», - dedi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari Dmitriy Volvach.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 21 iyul kuni hukumat a’zolari bilan uchrashuvda MDHga davlatlaridan mamlakatga import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish haqida ko‘rsatma bergan edi. 

«Biz bugungi kunda uchta asosiy vazifa – mahsulotlarni besh kunda yetkazishga erishish, Rossiyaga olib kelinayotgan yangi meva-sabzavot mahsulotlari hajmini oshirish, ularni yaqin kelajakda nafaqat Moskvaga, balki boshqa hududlarga ham yetkazib berishni tashkil qilish ustida ishlayapmiz. Kelgusi yil mahsulot tashishga sovutgichli poyezdlarni joriy etishni rejalashtiryapmiz», - deb qo‘shimcha qildi Dmitriy Volvach.

«2021 yilda Rossiya agrosanoat majmuasi mahsulotlarini O‘zbekistonga eksport qilish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga o‘sdi va 700,4 million AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekistondan Rossiyaga import ko‘rsatkichi ham 10 foizga ko‘paydi. Bunday raqamlar Rossiya–O‘zbekiston logistika koridori makonida «Agroekspress» loyihasining yuqori darajada dolzarbligini ko‘rsatadi. Eksport yuklarining yaxshi yo‘lga qo‘yilgan logistikasi va vagonlar qaytishida ularning qayta to‘ldirilishini ta’minlash Rossiya va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun sezilarli iqtisodiy samara beradi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo salohiyatini ochishga xizmat qiladi», - dedi «RJD Logistika» bosh direktori Dmitriy Murev.

«Agroekspress» loyihasi doirasida joriy yil noyabr oyida Rossiya eksport markazi bilan hamkorlikda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari», «Uzagrologostics centers», «RJD Logistika» kompaniyalari ko‘magida Tambovdan Toshkentga sinov tariqasida muzlatilgan parranda go‘shti yetkazildi.

Eslatib o‘tamiz, «Agroekspress» loyihasi logistika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya temir yo‘llari faoliyatining integratsiyalashuviga erishilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston yanvar oyida xorijga qariyb ...

Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston 72,3 million dollar qiymatiga teng bo‘lgan to‘qimachili...

O‘zbekiston yanvar oyida qancha to‘qimac...

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston 2021 yilning yanvar oyida qariyb 50 g...

O‘zbekiston dunyoning 12 mamlakatiga ipa...

Joriy yilning dastlabki ikki oyi mobaynida O‘zbekiston 12 xorijiy mamlakatga qiymati 10,5 ...

So`nggi yangiliklar