Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/May/2021   Jamiyat

Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti va hukumati mamlakatda islomiy an’analarni tiklash va mustahkamlashda ko‘mak ko‘rsatmoqda


MOSKVA, 14 may. /«Dunyo» AA/. Rossiya musulmonlari kengashi rahbari, Moskva muftiysi Albir Krganov «Dunyo» AA muxbiriga bergan intervyuda O‘zbekistonda  tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy merosni asrab-avaylash, aholining diniy amallarni emin-erkin bajarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek xalqining milliy va diniy-ma’rifiy qadriyatlari, shu jumladan, islom dinining insonparvarlik g‘oyalarini yosh avlodga yetkazish borasida qilinayotgan ishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini izhor qildi.

- Rossiya va O‘zbekiston aloqalarining mustahkamligi, mamlakatlarimiz diniy-ma’rifiy tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va munosabatlarning yuqori darajada ekani, bizga bergan barcha ne’matlari uchun Alloh taologa shukronalik bildiraman, - dedi A.Krganov. - O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Rossiya musulmonlari ma’naviy assambleyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bitim imzolangan. Ushbu hujjat doirasida mana bir necha yildirki Ramazon oyida o‘zbekistonlik qorilar Rossiya masjidlarida Qur’onni xatm qilmoqdalar.

Biz islom mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish uchun O‘zbekiston bilan o‘zaro almashinuvlarni faollashtirayapmiz. Rossiyaliklar O‘zbekiston o‘quv yurtlari, jumladan, Islom akademiyasi va boshqa islomiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. O‘zbekistonlik imomlar va talabalar esa Bulg'or islom akademiyasi va boshqa oliy ta’lim maskanlarida o‘qiyotgani ham quvonarlidir.

O‘zbekiston diniy tashkilotlari bilan doimiy aloqalarimiz mavjud. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, hamkasbimiz hurmatli Usmonxon Alimov bilan yaqin muloqot o‘rnatganmiz. U kishi bilan bugun islom olamida yuz berayotgan vaziyat haqida muntazam fikr almashib turamiz. Alhamdulillah, o‘zbekistonlik muhtaram zotning yaxshi maslahat va nasihatlari biz uchun hamisha juda foydali bo‘lib kelmoqda. Biz bu munosabatlarni juda qadrlaymiz.

O‘zbekistonda diniy va davlat idoralarining yaqin hamkorligi natijasida mamlakatda an’anaviy islom, hanafiy aqidasi va Moturidiy ta’limotini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu muborak zaminda islom dinining dunyoga mashhur bo‘lgan buyuk allomalari yashab o‘tganlar, ular shu yerga dafn etilganlar. O‘zbek diyoridan Imom Buxoriy, Naqshbandiy va islomning boshqa muhtaram ulug‘ zotlari yetishib chiqqan.

Bugungi kunda O‘zbekiston rahbariyati ulug‘ ajdodlar qoldirgan bebaho ta’limotni yoshlarga yetkazish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rmoqda. Buyuk allomalarning asarlarini zamondoshlarimizga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda, ko‘plab kitoblar chop etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda islom an’analarini tiklash va mustahkamlashda ko‘rsatayotgan ko‘magini minnatdorlik bilan qayd etishni istardim. Yaqinda O‘zbekistonda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomlarida masjid qurib, musulmonlarga topshirildi. Shuningdek, yana bir nechta yangi masjidlar bunyod etildi. Biz mamlakatingizdagi bu ijobiy yangiliklar va o‘zgarishlarni kuzatib, quvonch hissiga to‘lmoqdamiz.

O‘zbekistonda davlat tashkilotlari va diniy idoralar o‘rtasidagi munosabatlar konstruktiv ruhda va yuqori saviyada qurilgan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati va boshqa mutasaddilar o‘ta mutanosib va tizimli ish olib bormoqda.

Urush hududlaridan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani katta e’tirofga loyiq. Bu odamlar o‘z ayblarini angladi, Olloh oldida ham, qonun oldida ham tavba qildi. Bugun davlat ularni rad etmadi, chunki ular - O‘zbekiston fuqarolaridir. Mamlakat ularni yana o‘z bag‘riga olmoqda, tinch va osoyishta hayot uchun sharoit yaratmoqda. Umid qilamanki, bu aka-ukalarimiz va opa-singillarimiz davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan insonparvarlik ko‘magini yaxshi anglaydi.

Mamlakatingizda ijtimoiy masalalarni qo‘llab-quvvatlash va aholiga yordam berish borasidagi ishlardan yaxshi xabardormiz. Diniy mazmundagi kitoblar chop etilmoqda. Ularni elektron va raqamli axborot vositalarida, qog‘ozda, kitob formatida o‘qish muhim. Toshkent, Samarqand va Buxoroda qator oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar uchun barchamiz Allohga shukr qilishimiz kerak.

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada qilinayotgan ishlar respublikani dunyodagi obro‘li davlatlar qatoriga qo‘shishga va mintaqadagi muhim markazga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheri...

Mamlakatimiz delegatsiyasi “O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining do‘stlik, yaxshi qo‘s...

Xitoyda uch asrni ko‘rgan eng keksa onax...

Xitoyning eng yirik gazetasi «Jenmin jibao»ning internet-versiyasi Xitoyda yashovchi Alimi...

Boy Frenk: “O‘zaro hamkorlik va tajriba ...

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Niderlandiyadagi vakili, Niderlandiya Qirolligi parl...

So`nggi yangiliklar