25/Mart/2023 Jamiyat
YEKATERINBURG, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tomonidan okrug hududidagi o‘zbek milliy markazlari hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan birgalikda Tyumen, Chelyabinsk va Sverdlovsk viloyatlarida «Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!» shiori ostida Navro‘z tadbirlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
Jumladan, Tyumen viloyatidagi “Vatan” o‘zbek milliy markazi bilan hamkorlikda «Sibir-tatar madaniyat markazida» o‘tkazilgan Navro‘z saylida 200 dan ortiq vatandoshlar va mahalliy aholi ishtirok etdi. Tadbirda “Bahor” ansambli o‘zining musiqiy dasturini taqdim etdi hamda O‘zbekistonning turistik va madaniy salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish etildi.
Chelyabinsk shahridagi «Temir yo‘llar» madaniyat saroyida “Bobur” o‘zbek milliy markazi bilan birgalikda o‘tkazilgan bayram tantanalarida 500 nafardan ziyod mehnat muhojirlari va talabalar qatnashdilar.
Maʼrifiy tadbir doirasida O‘zbekiston milliy hunarmandchilik mahsulotlari, turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi, mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi.
Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan Navro‘z ayyomi tadbirlarida “Vatandoshlar” jamoat fondi direktori Odiljon Sattarov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Bayram tadbiri avvalida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili so‘zga chiqib xorijdagi vatandoshlar, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, o‘zlikni anglash va milliy qadriyatlarimiz hamda madaniyatimizni keng targ‘ib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili, shuningdek, vatandoshlarimizni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Taniqli o‘zbek estrada xonandalari Otabek Mutalxo‘jayev, Nargiza Azimova va aktrisa Gavhar Zokirova ijrosida taqdim etilgan badiiy dastur barchaga xushkayfiyat ulashdi.