Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Sentabr/2020   Sport

Samarqand shahrida 30 oktyabr - 1 noyabr kunlari xalqaro xayriya yarimmarafoni o‘tkaziladi


TOShKENT, 3 sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yil 30 oktyabr - 1 noyabr kunlari Samarqand shahrida xalqaro xayriya yarimmarafoni o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi farmoyishi 2 sentyabr kuni imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad madaniyat va san’at ob’ektlarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilikning e’tiborini tortish, xavfsiz turizm tamoyili asosida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, aholini, jumladan, yosh avlodni ommaviy sport turlariga jalb qilishdan iborat.

Farmoyishga muvofiq, Samarqand shahrida Xalqaro xayriya yarimmarafoniga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tashkiliy qo‘mita yarimmarafonni o‘tkazish doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishi ko‘zda tutiladi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamg‘arma buyurtmasiga asosan yarimmarafonga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ijtimoiy reklamali axborotlarni joylashtirish uchun tuman va shahar markaziy ko‘chalarida o‘rnatilgan maxsus konstruksiyalarni belgilangan tartibda taqdim etishi belgilab olindi.

Hujjatga ko‘ra, respublikamiz mutasaddi tashkilotlariga o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib tadbirda faol ishtirok etishlari tavsiya etildi.

Unga muvofiq, media-reja ishlab chiqish, ishtirokchilar uchun axborot-ma’lumotlar to‘plamini tayyorlash, ayollar va erkaklarni kiyinish va yuklarni saqlash xonalari bilan ta’minlash, start va finish hududlarida hamda yugurish trassasi bo‘ylab biotualetlar o‘rnatish, yarimmarafonni jonli efirga uzatish uchun finish hududida monitorlarning o‘rnatilishini ta’minlash, ushbu tadbirni “Prime time” rejimida keng yoritish, shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi hamkor televizion kanallari orqali yarimmarafonning efirga uzatilishini ta’minlash tavsiya etildi.

Marafon davomida xorijlik va mezbon ishtirokchilar hamda tadbirga yig‘ilgan barcha fuqarolarning xavfsizligi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari tomonidan ta’minlanadi.

Bundan tashqari taniqli sportchilarni, ya’ni olimpiada chempionlarini, faxriy sportchilarni yarimmarafon va uning doirasidagi tadbirlarga jalb qilish, yarimmarafonga xorijdan va boshqa shaharlardan taklif etilganlarni turar joy bilan ta’minlash va ularni ovqatlantirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilish farmoyishda ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro xayriya yarimmarafoni – bu nafaqat yugurish, balki zamonaviy madaniyat festivali, uning dasturidagi ma’ruzalar, mahorat darslari, musiqa namoyishlari, ko‘rgazma va sport tadbirlaridan iborat bo‘ladi. Hujjatda belgilanganidek, tashkilotchilar tomonidan sportchilarga zarur imkoniyatlar yaratib beriladi va marafon ishtirokchilarining barchasiga esdalik medallari topshiriladi.

Mazkur xayriya tadbiri yurtimizdagi ko‘plab insonlarning qalbida daxldorlik hissini uyg‘otishiga umid qilamiz.

 

Mavzuga oid

Karatechilarimiz Dubay Premer-ligasida i...

Joriy yil 14-16 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida karatening W...

Shahboz Umarov Belarusning “BATE” futbo...

Belarusning “Energetik-BGU” klubining o‘zbekistonlik yosh futbolchisi Shahboz Umarov ushbu...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakili ...

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Toshkentning «Lokomotiv» klubi himoyac...

So`nggi yangiliklar