28/Mart/2023 Hamkorlik
TOKIO, 28-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Nara prefekturasi, Nara shahri meriyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) bilan hamkorlikda Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eslatamiz, 2022 yil 18 oktyabr kuni Samarqand shahri hamda Yaponiyaning qadimiy poytaxti bo‘lgan Nara shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu bitim doirasida ikki shahar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlash hamda iqtisodiyot, turizm, ilm-fan, madaniyat va sport kabi bir qator sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Tadbir avvalida Nara shahri meri Gen Nakagava so‘zga chiqib, 2022 yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakatimizning boy madaniyati, tarixi va turizm obidalari Yaponiya delegatsiyasi aʼzolarida juda katta taassurot qoldirganini alohida taʼkidlab, yurtimizning Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining turizm salohiyati juda yuqoriligini maʼlum qildi.
Shuningdek, Gen Nakagava yapon tomoni ikki shahar o‘rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidlab, 2023 yil davomida Nara shahrida O‘zbekistonning madaniyati, sayyohlik saloh iyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlarni hamkorlikda ishlab chiqishga tayyorligini maʼlum qildi.
«Bugun Nara shahrida 2022 yilda birodarlik aloqalarini o‘rnatgan O‘zbekistonning qadimiy shahri Samarqandga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda Nara shahri aholisi Samarqandning boy madaniyati va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Anjumanda kutilgandan ham ko‘p odam ishtirok etganligi O‘zbekistonga, shuningdek, qadimiy shahar Samarqandga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanligidan dalolat beradi.
O‘ylaymanki, mazkur tadbir ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlanishiga, shuningdek, Nara hamda Samarqand shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik yana-da yuqori bosqichga ko‘tarilishiga turtki bo‘ladi.
O‘z navbatida Nara shahri meriyasi ham ikki shahar hamkorligini rivojlanishi yo‘lida saʼy-harakatlarini ayamaydi. Samarqandga tashrif buyuruvchi naraliklar ko‘payadi degan umiddaman», dedi mer Gen Nakagava.
Shu bilan birga, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Hokim o‘z murojaatida Samarqand va Nara o‘rtasidagi o‘rnatilgan aloqalarni yuksak qadrlashini taʼkidlab, Samarqandning dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, boy madaniy merosi ham turizm salohiyati haqida maʼlumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy, ilm-fan sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidlab, o‘tkazilayotgan tadbir natijasida yapon hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yana-da oshishiga umid bildirdi.
Diplomatik missiya rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib, joriy yil 30 aprel kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Konstitutsiyaviy referendumning mazmun-mohiyati, inson huquqlarini qonuniy taʼminlash bo‘yicha kiritilayotgan muhim o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, tadbir davomida elchixona tomonidan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarining tarixiy obyektlari, madaniyati, milliy taomlari haqida aytib o‘tildi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar, zamonaviy mexmonxonalar, ovqatlanish joylari, yangilangan turizm infratuzilmasi haqida batafsil axborot berildi.
Ishtirokchilarga «Uzbekistan Airways» AJning “Tokio-Toshkent” aviaqatnovi 14 apreldan boshlab qayta tiklanishi bildirildi. Yaponiyalik sayyohlarni ushbu to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslardan foydalangan holda O‘zbekistonga borishga taklif qilindi.