Uz / Ўз Ru En

Toshkent

30/Iyul/2020   Siyosat

Samarqand viloyati bilan Xenan provinsiyasi o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik kengayadi


PEKIN, 30 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Xenan provinsiyasi (XXR) gubernatori In Xun ishtirokida videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Onlayn uchrashuvida Samarqand viloyati bilan Xenan provinsiyasi o‘rtasida mintaqalararo hamkorlikning joriy holati yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Shu bilan birga, COVID-19 kasalligiga qarshi kurash, savdo, iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini yanada kengaytirish yuzasidan kelgusidagi qadamlar belgilab olindi.

Tadbirda oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar keyingi yillardagi mintaqalararo hamkorlikning faol, tizimli va ko‘p qirrali mazmun kasb etishida alohida o‘rin tutayotgani qayd etildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Samarqand viloyatida Xenan provinsiyasining yetakchi kompaniyalari tomonidan qator qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ular orasida tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida faol hamkorlik qilayotgan «Henan Wanbang», Luoyang Daxin» va boshqa kompaniyalar bor.

Gubernator In Xun O‘zbekiston Xenan provinsiyasi ishbilarmonlari diqqat markazida turgan eng ustuvor mamlakatlardan biriga aylanib borayotganini aytib o‘tdi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, kimyo sanoati, elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, energiyani tejaydigan zamonaviy hamda samarali texnologiyalarni qo‘llash kabi sohalarda yuqori texnologiya asosidagi ishlab chiqarishni tashkil etishni ko‘zda tutadigan loyihalarning amalga oshirilishiga Xenan kompaniyalari jalb etilishi qamrovini kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar mintaqalararo va ishbilarmonlik darajalaridagi aloqalarni yanada faollashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish hamda uni amaliy mazmun bilan boyitishga kelishib oldi.

Xenan provinsiyasi Xitoyning qadim tarix va boy madaniyatga ega bo‘lgan yirik hududlaridan biri hisoblanadi. Tarixan ming yillar davomida Xenan Xitoyning iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lib kelgan.

Hozirgi paytda ushbu mintaqa aholisi 97 milliondan ziyodni tashkil etadi. Chjenchjou – ushbu provinsiyaning ma’muriy markazi hisoblanadigan yirik shahardir. Xitoyning muhim iqtisodiy, transport va logistika markazi bo‘lgan Xenan provinsiyasida ishlab chiqarish jabhasi, jumladan, avtomobilsozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati hamda boshqa sohalar ravnaq topgan. 2019 yili mintaqaning ichki yalpi mahsuloti hajmi 725 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston – Tailand diplomatik aloqala...

6-may – O‘zbekiston Respublikasi bilan Tailand Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatla...

O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlarining me...

O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlarining merosini yana-da chuqur o‘rganish vazifalari belgila...

Toshkentda BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSH...

Bugun International mehmonxonasida O‘zbekiston hukumati va BMTning mamlakatimizdagi jamoas...

So`nggi yangiliklar