Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Fevral/2021   Siyosat

San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136 davlat bo‘ldi


RIM, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi protokolni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marino tomonidan esa ushbu davlatning Italiyadagi elchichi Daniela Rotondaro imzoladi.

Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgandan so‘ng, mazkur hujjat kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri (maydoni - 61 kvadrat kilometr) hisoblanadi. Mamlakat Janubiy Yevropada joylashgan va to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. Dunyodagi eng qadimgi konstitutsiyalardan biri amal qiladigan San-Marino uning zamonaviy chegarasi eʼtiborga olinganda Yevropaning eng uzoq tarixga ega davlati hisoblanadi (eramizning 301 yili). Bundan tashqari, San-Marino aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi (2020 yil – 56 ming 690 dollar) bo‘yicha dunyodagi eng boy mamlakatlardan biridir.

Elchi Daniela Rotondaro O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish San-Marino uchun muhim tashqi siyosiy voqea ekani, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ikki va ko‘p tomonlama shakllarda rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar ochishini taʼkidladi. Diplomatik vakolatxona rahbari, xususan, Rimda joylashgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) doirasida o‘zaro hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Uning fikriga ko‘ra, ikki mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni taʼminlash hamda kambag‘allikni bartaraf etishda birgalikda ishlashi mumkin. Shu nuqtai nazardan elchi O‘zbekistonni o‘tgan yil noyabr oyida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo uchun 32-mintaqaviy konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, shuningdek, FAOning Rimdagi bosh qarorgohida O‘zbekiston zali (Uzbekistan Lounge)  tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani bilan tabrikladi.

Shuningdek, u o‘zaro munosabatlarni savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini qayd etdi. Xususan, elchining so‘zlariga ko‘ra, San-Marino investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risidagi shartnomalarni ishlab chiqish va imzolashga tayyor. Daniela Rotondaro birgalikda O‘zbekiston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati taqdimotiga bag‘ishlangan biznes-forumlar va boshqa tadbirlar tashkil etishni taklif qildi. Yevropa Ittifoqi bilan yaqin aloqada bo‘lgan San-Marino O‘zbekiston kompaniyalari va eksportchilariga Yevropa bozorlariga chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar taqdim etishi mumkin.

Yana bir muhim yo‘nalish turizm sohasidagi hamkorlik bo‘lishi mumkin. Har yili 3 milliondan ziyod sayyohni qabul qiladigan San-Marino bu boradagi boy tajribasi bilan almashishga tayyor.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri: Afg‘on...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bugun Dusha...

Davlat rahbarlari yangi kutubxona bilan ...

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an rafiqalari hamrohligida Turkiya Prezidenti huz...

O‘zbekiston elchisi Yevropa Ittifoqining...

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi rahbari, elchi Dilyor Hakimov Yevropa Ittif...

So`nggi yangiliklar