23/Yanvar/2022 Vatandoshlarimiz
SANKT-PETERBURG, 23 yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasida “El-yurt umidi” jamg‘aramasi yo‘llanmasi bilan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga kelib tahsil olayotgan va malaka oshirayotgan stipendiatlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu uchrashuv mazkur jamg‘arma stipendiatlari bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning o‘qish va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir doirasida vatandoshlarimiz joriy yil 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati bilan ham tanishtirildi.
Shuningdek, ular tahsil olayotgan va malaka oshirayotgan universitet hamda ilmiy markazlarda o‘zbek madaniyati kunlarini tashkil etish va turli sport musobaqalarini hamkorlikda uyushtirishga kelishib olindi.
Davra suhbati yakunida vatandoshlarimizga mahalliy davlat qonun-qoidalariga og‘ishmay rioya etish, turli diniy-ekstremistik ruhdagi oqimlar va taʼqiqlangan ommaviy namoyishlarda ishtirok etishdan tiyilish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgani barobarida ushbu mavzuga doir qisqa metrajli film ham namoyish etildi.