Uz / Ўз Ru En

Toshkent

08/Avgust/2022   Sayyohlik

Senat Buxoro viloyatining sayyohlik sohasida o‘z yechimini kutib turgan muammoband masalalarni bartaraf etish yuzasidan qaror qabul qildi

TOSHKENT, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 4 – 5 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida Buxoro viloyatida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimining hisoboti eshitildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, majlisda viloyatda turizm sohasini yana-da rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Xususan, xorijlik fuqarolar uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni 90 taga yetkazilishi natijasida 2021-yilda Buxoro viloyatiga qariyb 49 ming nafar, 2022-yilning I choragida esa 65 ming nafardan ortiq xorijlik turistlar tashrif buyurgan.

Pandemiyadan keyin ichki turizm o‘sish tendensiyasi kuzatilgan, jumladan, mahalliy sayyohlar soni 2021 yilda 2,5 mln nafarni, 2022-yilning I choragida esa 698 ming nafarni tashkil etgan.

Viloyatda 2021-yildan buyon 28 ta yangi mehmonxona, 29 ta xostel, 45 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, joylashtirish vositalarining umumiy soni 430 tadan ortgan, ulardagi o‘rinlar soni esa qariyb 11 mingga yetkazilishi taʼminlangan.

So‘nggi bir yarim yil davomida viloyatga tashrif buyurgan turistlarga ko‘rsatilgan mehmonxona, ovqatlanish, madaniy ko‘ngilochar, savdo kabi xizmatlar eksporti 2 trln 330 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Viloyatda 2022-yil I chorak yakuniga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan 31,5 mingdan ortiq korxonalarning qariyb 65 foizi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa 41,5 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, senatorlar sohadagi mavjud kamchiliklarga eʼtibor berish va o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini qayd etishdi.

Xususan, “Buxoro” xalqaro aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan to‘liq foydalangan holda, yangi avia yo‘nalishlar ochish, masalan, xalqaro yo‘nalishda Dubay, Jakarta, Kuala-Lumpur, Lahor, Dushanbe shaharlaridan Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter reyslarni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashashi va ularga xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha aksariyat joylashtirish vositalarida qonunchilikda belgilangan talablar asosida shart-sharoitlar yaratish zarur ekanligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, viloyatdagi mavjud turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida madaniy meros obyektlariga (829 ta madaniy meros obyektidan 139 tasi turistik marshrutga kiritilgan) turizm marshrutlarini yana-da ko‘paytirish kerakligi aytib o‘tildi.

Yalpi majlisdagi muhokama yakuni bo‘yicha o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid

Fransiyaning yetakchi telekanallaridan b...

Fransiyaning yetakchi “France 5” telekanali Fransiyada ommabop bo‘lgan “Echappées Belles” ...

Namangan va Sverdlovsk viloyatlari turiz...

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Namangan viloyati boshqarmasi hamda Rossiya F...

Saudiya Arabistonidagi Buxoriylar diaspo...

Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Saudiya Arabistonidagi Buxo...

So`nggi yangiliklar