Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Iyun/2020   Siyosat

Senat qo‘mitasi raisi qo‘shni davlatlar OTMlariga baho berilishi bo‘yicha Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maqolasiga munosabat bildirdi


TOSHKENT, 25 iyun. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida “Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sifati darajasini aniqlash bo‘yicha tavsiya” sarlavhasi ostida material e’lon qilindi.

Unda nostrifikatsiya bilan bog‘liq jarayon tahlildan o‘tkazilib, qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining qator oliy ta’lim muassasalari faoliyati salbiy baholanib, fuqarolarimizga tegishli tavsiyalar berilgan.

Qayd etish joiz, bu esa mamlakatimiz va yaqin qo‘shni davlatlar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek ALIMOV tavsiya matni bilan yaqindan tanishib, undagi ba’zi fikr va xulosalar o‘rinli tarzda e’tiroz va savollarga sabab bo‘layotganini qayd etdi.

“Birinchidan, Inspeksiya aniq va asoslangan mezonlar o‘rniga “O‘zbekiston mehnat bozori talab darajasiga mos emas” degan umumiy jumla bilan chegaralanib qolmoqda. Savol tug‘iladi: bunday xulosa chiqarish uchun, eng avvalo, o‘sha mehnat bozori parametrlari qani? Ularni kim belgilagan? Qo‘shni davlatlarning OTMlari qachon va kim tomonidan tekshirilgan?

Ikkinchidan, e’lon qilingan tavsiyada “...sifatli ta’lim arzon bo‘lmas”, va “qo‘shni mamlakatlardagi aksariyat OTM tomonidan taklif etilayotgan to‘lov-kontrakt narxi sifatli ta’lim berish imkoniyatini bermaydi” deb ta’kidlangan. Savol: nimaga? Bu qanday qonuniyat bo‘ldi? Balki, biz avval O‘zbekiston OTMlarining kontrakt narxlariga va shu narxlarga bizda berilayotgan ta’lim sifatiga xolisona boqarmiz?”

R.Alimovning bildirishicha, bu yerda ko‘proq raqobat va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshlik darajasi haqida so‘z yuritish adolatdan bo‘ladi.

“Uchinchidan, mamlakatimiz hukumat Inspeksiyasining xorijiy davlatlar OTMlariga bunday baho berishga huquqi bormi? Bu harakatlarning maqsadi, ularning davlatimiz milliy manfaatlari va tashqi siyosatdagi intilishlariga qanchalik to‘g‘ri keladi?

Senat veb-saytida joylashtirilgan munosabatda qo‘mita tegishli so‘rovnomani Inspeksiyaga yuborgani va rasmiy javob kutayotgani aytilgan.

“Ishonchimiz komilki, hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida vujudga kelgan ochiqlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhitni qadriga yetib, barchamiz o‘z faoliyatimizda qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan do‘stlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shamiz”, deya o‘z qarashlarini bildirgan senator.

Mavzuga oid

Bugun Oliy Majlis Senatining 8-yalpi maj...

Bugun soat 10.00 da Toshkent shahrida parlament yuqori palatasining majlislar zalida O‘zbe...

O‘zbekiston va O‘mon Tashqi ishlar vazir...

O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi Tashqi ishlar vazirliklarining yuridik xizmat...

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Tojikiston Respublikasi Prez...

So`nggi yangiliklar