Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/Iyun/2022   Parlament

Senat raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonda qator uchrashuvlar o‘tkazdi

VASHINGTON, 16 iyun. /“Dunyo” AA/. Tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida AQSH rasmiylari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralari vakillari bilan bir qator uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasi tomonidan maʼlum qilinishicha, AQSH Davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya bilan uchrashuv chog‘ida tomonlar mamlakatda majburiy mehnatga barham berish, odam savdosining oldini olish va unga chek qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, bu borada xalqaro tuzilmalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan huquqiy hamda institutsional chora-tadbirlarni muhokama qildi.

Davlat kotibi o‘rinbosari mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida aql bovar qilmas muvaffaqiyatlarga erishganini qayd etdi. U.Zeya Qo‘shma Shtatlar mamlakatdagi o‘zgarishlarning ijobiy dinamikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladi. Uning fikricha, erishilgan yutuqlar jahon bozorida O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasidagi raqobatbardoshligini mustahkamlaydi.

Davlat kotibi o‘rinbosari Davlat departamentining odam savdosi to‘g‘risidagi maʼruzasida O‘zbekistonning o‘rni “nazorat ostidagi ro‘yxat”dan ikkinchi darajaga (Tier-2) ko‘tarilganini qutlar ekan, bunday saʼy-harakatlar davom ettirilishiga umid bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini yana-da yaxshilash uchun yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasining AQSH Kongressi Tashqi ishlar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha quyi qo‘mita raisi, Kaliforniya shtatidan saylangan kongressmen-demokrat Ami Bera bilan uchrashuvida parlamentlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kongressmen 2021 yil oktyabr oyidagi Toshkentga tashrifi doirasida AQSH Kongressi delegatsiyasi aʼzolari uchun uyushtirilgan samimiy qabul va O‘zbekiston rasmiy doiralari bilan mazmunli uchrashuvlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Kongressmen O‘zbekiston-Amerika sherikligining istiqbollari haqida gapirar ekan, Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni izlayotganini, shuningdek, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlashda ko‘p qirrali hamkorlikni davom ettirishga sodiq ekanligini aytdi.

Kongressmen muloqot chog‘ida gender tenglikni taʼminlash hamda respublikada ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi saʼy-harakatlarni alohida olqishladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan parlamentlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida AQSHning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiyasining (Xelsinki komissiyasi) katta siyosiy maslahatchisi Jenis Xelvig bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xelsinki komissiyasi vakili odam savdosiga qarshi kurashish va gender masalalari bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan ishlash borasida 25 yillik tajribaga ega mutaxassis sifatida u O‘zbekistonning so‘nggi yillarda respublikada majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi katta muvaffaqiyatlarini eʼtirof etishdan mamnunligini taʼkidladi. Uning fikricha, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotning bekor qilinishi ham muhim voqea hisoblanadi.

J.Xelvig O‘zbekistonning YEXHT bilan, ayniqsa, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuro (DIIHB) yo‘nalishidagi o‘zaro aloqalarning barqaror o‘suvchanligiga urg‘u berdi. U mamlakatda YEXHT tavsiyalari va dasturilamal tamoyillarini tatbiq etish davom ettirilishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi davom etmoqda.

Mavzuga oid

Oliy Majlis Senati raisi YEXHTning amald...

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning YEXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ...

Deputatlar O‘zbekiston rasmiy statistika...

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq vaki...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri...

Oliy Majlis quyi palatasi spikerining 1-o‘rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezide...

So`nggi yangiliklar