Uz / Ўз Ru En

Toshkent

12/Avgust/2022   Parlament

Senatda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga xalqaro texnik standartlarni va ishlab chiqarish talablarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama etildi

TOSHKENT, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmatidan maʼlum qilinishicha, tadbirda Milliy komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2022 yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, soha bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi. Xususan, 8 ta normativ-huquqiy hujjat, yaʼni 3 ta qonun, 1 ta Prezident farmoni va 4 ta qarori qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risida”gi 167-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi qurilish sohasiga mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Bu yo‘nalishdagi ishlarni yana-da takomillashtirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkilotining sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida mehnat munosabatlarini tartibga solishni nazarda tutadigan tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish masalalari Milliy komissiya aʼzolari tomonidan o‘rganilayotgani qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, Milliy komissiya tomonidan mamlakatimizda soha bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarni xalqaro hamjamiyat diqqat eʼtiboriga yetkazish hamda mamlakat imijini ko‘tarish maqsadida  qator xalqaro tadbirlar va davra suhbatlari tashkil etildi va aniq natijalarga erishildi.

Taʼkidlanganidek, AQSH Davlat departamenti tomonidan 2018 yilda eʼlon qilingan “Odam savdosi bo‘yicha yillik hisobot”da O‘zbekiston quyi 3-daraja davlatlari qatoridan 2-darajadagi davlatlarning “nazorat ro‘yxatiga” o‘tkazilgan edi. Yaqinda eʼlon qilingan navbatdagi hisobotda esa 2021 yildagi kabi xalqaro standartlarni to‘liq bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar (2- toifa) ro‘yxatida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Hisobotda O‘zbekistonda pandemiya sharoitida odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholangan. Xususan, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, shu jumladan, fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilgan rasmiylarni aniqlash va ularni jazoga tortish, paxta terimiga fuqarolarni majburiy jalb qilish holatlarining keskin qisqarganligi, odam savdosi qurbonlari uchun boshpanalar tashkil qilishga mablag‘ ajratish masalasiga katta eʼtibor berilganligi alohida qayd etilgan.

Tadbirda AQSH Davlat departamenti tomonidan eʼlon qilingan Jahonda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik maʼruza hamda unda O‘zbekiston eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan bildirilgan tavsiyalar muhokama etilib, mazkur tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Maʼlumki, mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi. Bu o‘z navbatida o‘zbek paxtasining jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yana-da kengaytirdi.

Bugungi kunda paxta-to‘qimachilik sohasidagi ko‘plab yirik brend korxonalarning vakillari yurtimizga tashrif buyurib, ushbu sohaga investitsiya kiritish istagini bildirmoqda. Shu bilan birga to‘qimachilik korxonalarida texnik va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro darajaga moslashtirish nuqtai nazaridan takliflarini ham bermoqda.

Shu munosabat bilan, Milliy komissiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga xalqaro texnik standartlarni va ishlab chiqarish talablarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur “Yo‘l xaritasi”da to‘qimachilik korxonalarida texnik va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro darajaga moslashtirish, xalqaro brend va yirik kompaniyalarning   mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, paxta-to‘qimachilik sanoatidagi korxonalarimiz faoliyatiga xalqaro tan olingan mehnat, ishlab chiqarish, texnik va boshqa standartlarni keng tatbiq qilishga qaratilgan 20 ga yaqin tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Majlisda Milliy komissiya tarkibidagi Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Ichki ishlar vazirligi hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborotlari ham eshitildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

 

Mavzuga oid

O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish so...

O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yi...

O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ...

Kecha mamlakatimiz poytaxtida «O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli» ...

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi ...

Kecha Oliy Majlis Senati kengashining navbatdagi majlisi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi

So`nggi yangiliklar