03/Oktabr/2021 Saylov - 2021
NOVOSIBIRSK, 3 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Omsk viloyatidagi “Limakmarashstroy” kompaniyasi va «Omsk janubiy bozori»da vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, Buryatiya va Xakasiyadagi o‘zbek diaspora tashkiloti faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlarda yurtdoshlarimizga joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida maʼlumot berildi. Jumladan, 14-20 oktyabr kunlari Sibir federal okrugida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etilishi alohida taʼkidlandi.
Muloqot qatnashchilari xorijdagi fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar uchun minnatdorlik bildirib, Prezident saylovida faol ishtirok etishini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Bosh konsulxona masʼullari mazkur hududlarda muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etish rejalashtirilgan binolarda bo‘lib, mahalliy davlat va jamoat tashkiloti rahbarlari bilan saylovni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.