30/Sentabr/2022 Hamkorlik
TOSHKENT. 30 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Janubiy Koreyaning Inchxon shahri Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bosh komissari Xo Sok-gon boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Doniyor Madirimov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi yong‘in xavfsizligi yo‘nalishida ham samarali hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Uchrashuv doirasida yong‘in xavfsizligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari, mahorat darslari va treninglar olib borish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishildi.
Mazkur hamkorlik doirasida tomonlar ijtimoiy soha, iqtisodiyot tarmoqlari va sanoat korxonalari, ko‘p qavatli aholi turar joylarining yong‘inga qarshi muhofazasini yana-da mustahkamlash, zamonaviy yong‘in o‘chirish texnika va texnologiyalarini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish kutilmoqda.